Xiaomi Mi 7 ekrani suratlari chiqdi: «o‘yiq»li ekran va to‘laqonli 3D Face yuz skaneri!

  •   DiMaX
  •  2703
  •  02.05.2018 08:51

Xiaomi Mi 7 ekrani suratlari chiqdi: «o‘yiq»li ekran va to‘laqonli 3D Face yuz skaneri!

«Xitoycha Apple» eng ilg‘or Snapdragon 845 protsessoriga ega, qo‘sh kamerali Mi MIX 2S smartfonini joriy yilning mart oyida taqdim etgan edi. Premium darajasidagi ushbu gadjetning narxi ham shunga yarasha bo‘lgani bois, uni har kimning ham cho‘ntagi ko‘taravermasligi aniq.

O‘QING: Mi Mix 2S flagmani AliExpress’da sotuvga chiqdi, shu va boshqa devayslarga buyurtma bering! (2018 yil 7 aprel)

Shu sababli bo‘lsa kerak, Xiaomi o‘zining navbatdagi flagmani – Mi 7 modelini ham tez orada taqdim etishga qaror qildi. Aslida bu smartfonning namoyishi mart-aprel oylarida bo‘lishi kerak edi, ammo undagi muhim innovatsiya – 3D Face yuz skanerini moslashtirish ishlari bois taqdimot kechiktirildi.

Xullasi kalom, kuni kecha – 1 may sanasida insayderlar Weibo ijtimoiy tarmog‘iga Xiaomi Mi 7’ning ekranini aks ettiruvchi suratlarni joylashdi. Aniqrog‘i – ularda displeyning o‘zi emas, balki ushbu modelning ekrani uchun ishlab chiqarilgan himoya shishasi namoyish etilgan. Shunga qaramay, ular mazkur smartfonning old yuzasi haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

Yuqoridagi suratdan ayon bo‘lyaptiki, Xiaomi Mi 7 displeyida chindan ham iPhone X’dagidek «kemtik» bor ekan. Shuningdek, mazkur flagmanning ekrani uch tomonidan romsiz bo‘lishini ham ko‘ryapmiz.

O‘QING: Eng zo‘r Xiaomi smartfonida ommaviy nuqsonlar chiqa boshladi

Mi 7 ekranining «o‘yiq» joyida esa shu paytgacha birorta ham smartfonda qo‘llanmagan yuz skaneri – to‘laqonli 3D Face tizimi joylashadi. To‘g‘ri, ko‘plab Android-smartfonlarda foydalanuvchi yuzini skanerlash orqali blokdan chiqarish funksiyalari mavjud. Ammo ulardan hech biri kupertinolik gigantning superflagmanida qo‘llangan Face ID bilan bellasha olmaydi. Chunki iPhone X’da mazkur tizim maxsus kameralar hisobiga ishlasa, raqobatchilarida yuzni tanish dasturiy ta’minot darajasidagina amalga oshiriladi. Shu tariqa, bu yo‘nalishda iPhone X’ga haqiqiy raqib mana shu – 3D Face tizimiga ega Xiaomi Mi 7 modeli bo‘layotir.

Xiaomi o‘zining Mi 7 flagmanini 23 may kuni rasman taqdim etilishi kutilmoqda. Shu kuni kompaniya yana uzoq kutilgan Mi Band 3 smart-brasletini ham namoyish etishi aytilmoqda. Ularning bozorga qachon chiqarilishi va narxlari esa hozircha noma’lum. Ammo «xitoycha Apple»ning savdoga qo‘yilgan ko‘plab smartfonlari va boshqa bir qator devayslariga yurtimizda ham buyurtma berish imkoni mavjud.

O‘QING: Xiaomi’ning turli gadjetlari narxlari – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi! (2018 yil 26 aprel)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!