Xiaomi Mi Max 2 taqdim qilindi: Mi6’ning kamerasi, 6.4 dyuymli Full HD ekran, yirik batareya

Xiaomi Mi Max 2 taqdim qilindi: Mi6’ning kamerasi, 6.4 dyuymli Full HD ekran, yirik batareya

Xitoylik smartfonsoz Xiaomi 25 may kuni Pekinda Mi Max 2 fabletini taqdim qildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2016 yilda taqdim qilingan, o‘ta yupqa (1,5 mm.li) yon romlariga ega Mi Max bugunga qadar 3 million dona sotilgan.

Taqdimotda ekranning yon tomonlaridagi qora hoshiya 0,7 mm ekani alohida qayd etilgan.

Gadjetning simmetrik dizayni yaqqol ko‘zga tashlanadi. Orqa paneldagi antena uloqlari surilib, tomga yaqin joydan o‘tkazilgan. 2 tusli svetodiodli fotochaqnoq ham endi kameraning chap tomoniga o‘tgan. Smartfon tomida 3,5 millimetrli audio-tuynuk mavjud.

Melomanlar uchun eng katta yangilik — gadjetdagi stereo, ya’ni 2 ta audio karnaylardir!

Yangi Mi Max 2 devaysi Huawei P10 Plus va iPhone 7 Plus’ning “quvvat toshi”dan 2 barobar katta, ya’ni 5300 mA soat elektr tokini sig‘diradigan akkumulyatorga ega. To‘liq quvvat bilan fablet 2 kun davomida faol ishlay olishi bilan o‘ziga xos.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, Quick Charge 3.0 texnologiyasiga ega smartfon 1 soatda quvvatini 68 foizga to‘ldiradi. Uni to‘liq quvvatlab 18 soat video tomosha qilish yoki 57 soat aloqada bo‘lish mumkin.

6.44 dyuymli Full HD (1920 x 1080 pikselli) ekranga ega Mi Max 2’da yaxlit metall korpus, 4 gigabaytli tezkor va 64 yoki 128 GB doimiy xotira, 12 MP bosh va 5 MP old kameralar, orqa panelda barmoq izlari skaneri, energo-tejamkor va 2.0 Ggs chastota tezligida ishlaydigan 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 625 chipseti o‘rnatilgan.

Yana bir o‘ziga xoligi — fabletdagi kamera. Gap shundaki, smartfonga Sony IMX386, ya’ni Xiaomi Mi 6 flagmani ega bo‘lgan kamera o‘rnatilgan. Avvalgi fotokameralar bilan solishtirganda, ushbu fotosensorning sezgirligi 56%ga oshgan. Bosh kamera fazali avtofokus, yorug‘lik past sharoitda olingan suratlarni qayta ishlash funksiyalari bilan ham o‘ziga xos.

6.44 dyuym kaft uchun kichkina maydon emas, shu bois Mi Max 2’da uni bir kaftda boshqarish rejimi mavjud. Mi Max 2 Android 7.1 operatsion tizimining o‘zlashtirilgan MIUI 8.2 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Smartfon talqiniga ko‘ra, 1 iyundan $247 (64 GB) hamda $290 (128 Gb) dollar bahosida Xitoyda sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!