Xiaomi Mi MIX 2’ning surati va narxi taqdimotgacha “fosh” bo‘ldi

Xiaomi Mi MIX 2’ning surati va narxi taqdimotgacha “fosh” bo‘ldi

Jahonninng ilk romsiz smartfoni — Mi MIX smartfonlar turkumi taqdim qilingach, Xiaomi kompaniyasi smartfon sanoatida jiddiy dizayn va jihatlarga ega devayslar yarata olishini ham isbotlay oldi. Uning muvaffaqiyati ishlab chiqaruvchini smartfonning “merosxo‘ri”ni ham yaratishga ilhomlantirdi. Bu gal ham mashhur texno-dizayner Filipp Stark bilan hamkorlik o‘rnatildi. Xiaomi Mi MIX 2 flagmaning quyidagi ilk suratlari hozirdanoq Xitoyning ommabop Weibo ijtimoiy tarmog‘ida tarqaldi.

Shubha yo‘qki, Xiaomi displeyni ortiqcha detallardan “tozalash” evaziga ekran maydonini kengaytirishda davom etadi. Quyidagi suratlarda yon tomon romlaridan, old panelning yuqori qismidagi uloqdan xoli bo‘lgan gadjetni ko‘rib turibmiz. Old panelning quyi qismidagi uloq ham ancha qisqarib, jozibali ko‘rinishga kelgan.

Xiaomi Mi MIX 2 orqa panelidan 19 megapikselli bosh kamera moduli va barmoq izlari skaneri o‘rin olgan. Ba’zi manbaalarda, bosh kameraning ikki sensorli bo‘lishi ham aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, barmoq izlari skaneri displeyning o‘zida o‘rnatilgan bo‘ladi. Old kamera uchun 13 megapikselli sensor tanlangan.

Qayd etilishicha, Xiaomi Mi MIX 2 yon tomonga bukilgan 6,4 dyuymli, QuadHD sig‘imli OLED panelga ega bo‘ladi. 2 ta SIM-kartali flagmanning dasturiy platformasi yangi Android 7.0 Nougat’ning o‘zlashtirilgan MIUI 9 proshivkasida faoliyat ko‘rsatadi. Xiaomi Mi MIX 2’da 8 yadroli, 2,45 GGs chastota tezligida ishlaydigan yangi Snapdragon 835 protsessori, Adreno 540 video-kartasi o‘rnatiladi.

Shuningdek, devays 4/6/8 gigabaytli tezkor va 128/256 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlanadi. Mobil telefonning akkumulyator sig‘imi 4500 mA soat bo‘ladi.

Gearbest internet do‘koni flagman hali taqdim qilinmasidanoq, uning narxlarini saytida e’lon qilgan. Unga ko‘ra, 4/128 GB talqin $848,91, 6/128 GB talqin $951,37, 8/256 GB talqini $1094,81 dollardan sotuvga chiqadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.