Xiaomi Mi Mix 2: «suratga olish maydonchasi»da tushirilgan rasmlar!

  •   DiMaX
  •  2599
  •  26.08.2017 13:24

Xiaomi Mi Mix 2: «suratga olish maydonchasi»da tushirilgan rasmlar!

Xiaomi kompaniyasining sentyabr oyi boshida taqdim etilishi taxmin qilinayotgan Mi Mix 2 smartfoni haqida tobora ko‘proq gap-so‘zlar tarqalayotir. Navbatdagi «sizib chiqqan» ma’lumotlar orqali biz qurilmaning orqa qopqog‘ini jonli fotosuratda ko‘ra olamiz.

«Suratga olish maydonchasi»dan olingan rasmlar!

Yaqindagina mazkur smartfonning ikkita avlodiga dizaynerlik qilgan Filipp Stark Mi Mix 2’ning konsepti aks etgan videolavhani tarqatgan edi. Undan ma’lum bo‘lishicha, smartfon katta romsiz ekranga va keramik korpusga ega bo‘ladi.

Endi esa, gadjetning reklama uchun amalga oshirilgan suratga olish jarayonida tushirilgan fotolar orqali, uning old tomonidan ko‘rinishiga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin. Mana, o‘zingiz ko‘ring:

Orqa qopqog‘iyam ma’lum

Keyin esa internetda bu devaysning orqa tomonidan, qiya rakursda olingan ushbu surati ham paydo bo‘ldi:

Biroq shu bilan birga, bir qancha savollar ham tug‘iladi. Avvalo, unda ikkita «tirqish» ko‘rinyapti – agar bular qo‘shaloq kamera ob’yektivlari bo‘lsa, daktiloskopik sensor qayerda joylashadi? Axir, korpusning old yuzasi butunicha ekran bilan qoplangan-ku? Nahotki, Apple izidan Xiaomi ham qurilmani blokdan chiqarish uchun yuzni tanish tizimini ishlab chiqayotgan bo‘lsa?

Nimadan yasalgan?

Qolaversa, orqa qopqoq oq rangda – u esa plastikka ham, keramikaga ham birdek o‘xshaydi. Ammo USB Type-C portining ikki yonidagi vintlar mavjudligini inobatga olsak, korpus metalldan yasalgan bo‘lishi haqiqatga yaqinroq ekanidan dalolat beradi. Zero, Mi Mix modelida bunday vintlar yo‘q.

Old panel esa, oldinroq Stark ko‘rsatgan rasmdagiga o‘xshash:

Taxminiy xususiyatlari

Ekran: Japan Display tomonidan ishlangan, diagonali 6 dyuym, old panelning 95 foizini egallaydi;

Chip: sakkiz (2,45 GGs chastotali 4 + 1,9 GGs chastotali 4) yadroli Qualcomm Snapdragon 835 hamda GPU Adreno 540 grafik tezlatgichi;

Xotira: 6 / 8 GB tezkor, 128 / 256 GB ichki;

Asosiy kamera: qo‘shaloq modulli, 12 megapikselli, Sony IMX386 sensori;

Old kamera: 5 megapikselli, OV5675 sensori;

Batareya: 3400 mA/soat;

Operatsion tizim: Android 8.0.

Taqdimot vaqti va narxi

Aftidan, Mi MIX 2 modeli ikki xil talqinda ishlab chiqariladi. Bazaviy (standart) model narxi taxminan 600 AQSh dollariga baholanadi va unga 6 GB tezkor, 128 GB ichki xotira o‘rnatiladi. Qimmatroq konfiguratsiyali varianti esa 750 dollarga narxlanib, tegishlicha 8 GB va 256 GB tezkor/ichki xotiraga ega bo‘ladi.

Xiaomi’ning mazkur flagmani 12 sentyabrda – naq asosiy raqobatchisining navbatdagi flagmani bilan bir kunda taqdim etilishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!