Xiaomi Mi5S: nomdor smartfonlarni uyaltirgan “xitoylik”

Xiaomi Mi5S: nomdor smartfonlarni uyaltirgan “xitoylik”

Nega Xiaomi qisqa vaqt ichida bu qadar ommalashdi? Bu savolning javobi bitta – kompaniya kuchli elektronika mahsulotlarini yarim bahosida sotadi. 2016 yilda jahon miqyosida tan olingan smartfonlardan biri – Mi5S ajoyib dizayni, Qualcomm’ning bugunda ham eng kuchli protsessorlaridan biriga egaligi, 4 gigabayt operativ xotira, jahondagi ilk ultra tovushli barmoq izlari skaneri bilan ta’minlangani hamda boshqa qator jihatlari bilan smartfon bozorida tezkor ommalashdi. Xiaomi uni 1900 yuan, taxminan 2 mln. so‘m bahosida sotuvga chiqargan.

 

Dizayn

Xiaomi Mi5S targ‘ibotiga bag‘ishlangan ilk suratning o‘ziyoq ko‘pchilikning diqqatini tortgan edi. Uni barcha jahondagi ilk tugmasiz ekranli smartfon bo‘lishini kutgan edi. Jilosiz metall xomashyosidan tayyorlangan korpus silliq va uning ekran bilan hoshiyalari yupqa yaltiroq qirraga ega.

Xiaomi Mi5S’dagi “Home” bosh menyu tugmasi o‘rnini ekran quyisida joylashgan sensor botiq egalladi. Shisha qoplamaga ega bu sensorda barmoq izlari skaneri joylashgan. Mi5S jahondagi ultra tovush orqali ishlaydigan ilk smartfondir. Bu skaner barmoq nam bo‘lganda ham ishlayveradi. Bu botiqqa barmoq bosilganida barmoqqa urilgan qon bosimi yordamida sensor barmoq izlarini skaner qiladi. Uning ishlashi barqaror va bexatoligi bilan ko‘pchilikning e’tirofiga sabab bo‘lgan.

Ko‘pchilik xaridorlar Mi5S’ning qora korpusli versiyasini ma’qul ko‘rishadi. Sababi, qora talqinda ekran atrofidagi qora hoshiya u qadar sezilmaydi.  Devays ekranida 2,5D effektiga ega bukik himoya shishasidan foydalanilgan. Mi5’da ana shu dizayn jihati yetmagan edi.

Mi 5s’ni qo‘lga olar ekansiz, xitoylik kompaniyaning go‘yoki koreyalik raqibining Samsung Galaxy S7 EDGE smartfonidan ilhom olgandek: korpusning orqa tomoni S7’niki kabi qayrilma uslubda tayyorlangan. EDGE’dan farqi — shisha emas, alyuminiydan tayyorlangan.

Old panel esa sezilar-sezilmas uslubda bukik displeyga ega. Nazarimda, bu ayni muddao. S7 EDGE foydalanuvchilari ekranning bukikligi bois uni qo‘ldan tushirib yuborishlaridan ko‘p shikoyat qilishadi. Mi 5s’da bunday muammo yo‘q.

Smartfon 4 rangdagi talqinda: kumush, tim qora-kulrang, tilla rang va pushti rang korpuslarda ishlab chiqariladi.

Mi 5s displeyning ustki qismidan old kamera moduli, suhbat dinamiki hamda yorug‘lik va oraliq-masofa, chiroqli  indikatorning tuynuklari uchun joy ajratilgan.

Ekran quyisida 3 ta sensor tugma mavjud: «so‘nggi ilovalar», «Home» botiq tugmasi va «Orqaga».

Mi 5s smartfoni korpusining tom qismida minijek — audio quloqchinlar uchun an’anaviy konnektor, quyi qismida esa audio karnay, bosh mikrofon va Type C turidagi universal port mavjud.

Bu port orqali smartfonni quvvatlash va boshqa qurilmalarga ulash mumkin. Dinamiklar stereo emas, dizayn uchun 2 tomonga ham shunday tuynuklar o‘rnatilgan. Chap tomondagisiga mikrofon bekitilgan.

Mi 5s korpusining o‘ng tomonida ovozni sozlash uchun uzun tugma va uning qatorida yoqish tugmasi mavjud.

Korpusning chap tomonida esa 2 ta SIM-karta uchun bo‘lmacha mavjud. Smartfonda qo‘shimcha xotira kartasi uchun bo‘lmacha mavjud emas.

Orqa panelning yuqori chap qismida bosh kamera hamda ikki tusli nur beruvchi LED fotochaqnog‘i bor. Panelning yuqori qismida antenna uchun plastik uloqni ko‘rish mumkin.

Apparatning yig‘ilish sifati yuqori, bir necha oydan beri foydalanilgan bo‘lsa ham, hali pishiq va bo‘shashmagan.

Ekran sifati

Diagonali 5,15 dyuym bo‘lgan IPS matritsali ekranning sifati, unda rang-tasvirning aks etishi yuqori sifatli. Displeyning piksellar sig‘imi 1920 x 1080 belgiga teng, ya’ni Full HD. Har dyumdagi piksellar soni 428 taga teng. Ekran himoya shishasi va barmoq izlarini yuqtirmaydigan qoplamalarga ega. Ekran «multitach» texnologiyasiga ega va bir vaqtning o‘zida 10 tagacha barmoq zarbini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekrandagi rang-tasvirning yorqinligi ekspertlarga ham AMOLED-matritsani eslatib yuborgan edi.

Tashqari muhitda tasvirning yorug‘ligi 60-70%ni tashkil qiladi. Shuningdek, quyoshli sharoitda ham smartfonda matn o‘qish qulay. Ekran o‘z-o‘zining yorqinligini tashqi yorug‘lik ta’siriga qarab avtomatik ravishda belgilaydi.

Sozlamalarda alohida “mutolaa” rejimi mavjud. Unda ekrandagi sariq tus omili oshadi. Bu rejim ko‘zni charchashdan himoya qiladi. Ekranni o‘ngga surish orqali smartfonni Mi brendidagi boshqa qurilmalar bilan bog‘lash, chap tomonga surib kamerani tezkor ishga tushirish mumkin.

Ekrandagi oleofob qoplamasining sifati kuchli flagmanlardan qolishmaydi. Barmoq ekran yuzasidan nafis sirg‘anadi.

Ekrandagi maksimal yorug‘lik darajasi yetarli, uning tungi rejimi ham mavjud. Bu jihati bilan Xiaomi Mi5S Samsung’ning flagmanlari, LG G5, Sony smartfonlari bilan bellasha oladi. Ikki marta ketma-ket barmoq zarbi orqali ekranni yoqish mumkin. Mi5S’ning 128 GB.li yuqori talqinida barmoq zarbining darajasiga ko‘ra buyruqlarni bajarish funksiyasiga ega ekran tatbiq etilgan. Lekin smartfonning bu jihatiga uchib, ortiqcha pul sarflash yaramaydi.  Bu «Apple’cha marketing»ni bir turi.

Operatsion tizim qulayliklari

Xiaomi Mi5S Android 6.0’ning o‘zlashtirilgan MIUI 8.0 tizimida faoliyat ko‘rsatadi. MIUI xitoylik, umuman bugungi androidlarda tatbiq qilinayotgan eng qulay tizimlardan biri.

Ekrandagi asosiy oynadan barcha ilovalarning ovalsimon belgilari o‘rin olgan. Ilovalarni ustiga 2 marta chertish orqali ishga tushirish mumkin.  Ayniqsa, “ilovalarni saralash rejimi” juda ma’qul. Uni yoqib, quyi panelga kerakli ilova belgilarini saralab, so‘ng asosiy ekranga joylashtirish mumkin.

Zvonilka. MIUI’ning qo‘ng‘iroqlar bo‘limi ko‘pchilik foydalanuvchilarning e’tiborini qozongan. Unda kerakli aloqa ma’lumotini izlash, ekranni o‘ng-chap tomonga surish orqali harakatni belgilash, raqamlarni “qora ro‘yxat”ga kiritish mumkin.

SMS-xabar. Xat almashinuv ilovasi ham sodda. Ammo, siz kompaniyaning virtual tizimida Mi-akkaunt ochgan bo‘lsangiz, ilova siz avtomatik ravishda o‘sha tizimda xatlarning zahira namunasini yaratadi. Ya’ni, xatlar telefondan o‘chib ketsa ham, virtual sahifangizda saqlab qolinadi.

Brauzer. Brauzerning boshlang‘ich sahifasida eng ko‘p foydalaniladigan sahifalarning yorliqlari turishi ayni muddao. Qo‘shimcha ravishda, u yerda o‘zingiz ma’qul ko‘rgan veb-saytlarni ham qo‘shib qo‘yishingiz mumkin.

Xabar-ogohlantirishlar pardasi. MIUI 8’da bu bo‘lim ikkiga bo‘linmagan va bu to‘g‘ri qaror. Agar foydalanuvchi biror ogohlantirishni o‘tkazib yuborsa, ekran yuqorisida kichkina shakldagi yorliqlar paydo bo‘lib, bundan ogoh qiladi.

Tizimning yana bir afzalligi — qo‘shimcha bosh ekran yaratish imkoniyati. Bu orqali foydalanuvchi bitta ilovada 2 ta profil ochib foydalanishi mumkin. Misol uchun, bir vaqtning o‘zida 2 ta Telegram sahifasini yuritish mumkin.

Shuningdek, MIUI ilovalarni “qulf”lab qo‘yish imkonini ham beradi. Tizimda alohida “Bola rejimi” mavjud.

Smartfonni bir qo‘lda oshqarish imkonini yaratadigan rejim ham bor. Buning uchun barmoqni chap tomondagi sensor tugmadan botiq shakldagi bosh tugma sari surish kerak. So‘ngra smartfon ekrani kichrayib, bir qo‘lda foydalanish uchun qulay bo‘ladi. Bu rejimdan chiqish uchun ekranning qorong‘i qismiga chertish kerak. Shuningdek, sozlamalarda ekran diagonalini mustaqil tanlash mumkin.

Samarali faoliyat va quvvatdorlik

Qualcomm Snapdragon 821, hurmatli o‘quvchilar, — 2016 yilning eng kuchli protsessori. 2017 yilning bugungia qadar hali yilning “eng kuchli”  835-raqamli «Snapdragon» ommalashmagan bir paytda, androidofonlar ichida Xiaomi Mi5S apparat platformasini “jahondagi eng samarador” deyish mumkin.  Undan kuchlisi faqat Huawei Kirin 960 bo‘lib, Mate 9’da o‘rnatilgan.

Shunday bo‘lsa ham, o‘yin o‘ynaganda 15 daqiqa o‘tib korpus qizib ketadi. Foydalanganda bu holat kuzatilmaydi.

Xiaomi Mi5S’da 4 gigabaytli operativ xotira o‘rnatilgan. Bu tizimning faoliyati uchun yetarli. Smartfonning bazaviy talqini 32 Gbayt doimiy xotiraga ega bo‘lib, 23 Gbayt xotira maydoni foydalanuvchiga beriladi. Foydalanuvchilar bu yetarli emasligini am aytishadi. Shuningdek, gadjetning 64 va 128 Gbayt doimi xotiraga ega versiyalari ham mavjud.

Telefondagi akkumulyator sig‘imi 3200 mA soat. Li-Pol turidagi akkumulyator WoT (“Tanklar dunyosi”) o‘yinini tinmay, yuqori yorug‘lik bilan o‘ynaganda 5 soatga turib beradi. Bu quvvat smartfonga  YouTube’da FHD sig‘imli roliklarni 6.5 soat mobaynida ko‘rish imkonini beradi.

Ekranni eng yuqori yorug‘likka qo‘yib, 3 soat tinmay internetdan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarga kirish, musiqa ishlash mumkin.

Mi 5s to‘liq quvvati kutish rejimida, onda-sonda internetga kirgan taqdirda, 2 kunga ham yetadi. Smartfon Qualcomm QuickCharge 3.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. U 30 minut ichida quvvatini 41%ga, bir soatda — 83%ga, 100 minutda esa to‘liq quvvatlab oladi. Bu borada imkoniyatlar juda yuqori.

Kamera

Xiaomi Mi5S’ning bosh kamera moduli 12 MP sig‘imli. Old kamera moduli esa 4 MP. Ularda f/2.0 turidagi yorug‘lik o‘tkazuvchi optik pribordan foydalanilgan. Bosh kamerada o‘rnatilgan Sony IMX378 sensori 2016 yilning ilg‘or kamera-modullari siarsiga kiradi. Unda 4k sig‘imli video yozish mumkin. Surat olishda Mi 5s hozirgi ko‘pgina flagman smartfonlar bilan bellasha oladi. Kameradagi yagona kamchilik unda optik barqarorlashtirish funksiyasi yo‘q. Video suratga olishda esa elektron barqarorlashtirgich mavjud.

Yaxshisi, bu to‘g‘rida suratlarga qarab, o‘zingiz xulosa chiqaring.

Kommunikatsiya

Smartfon Wi-Fi (b/g/n/ac, dual-band), Bluetooth (4.2, A2DP, LE, GPS), USB On-The-Go kabi simsiz aloqa tarmoqlarida ishlaydi. Shuningdek, NFC texnologiyasi uchun maxsus MiFare Classic moduli tatbiq etilgan. Bu esa plastik kartochkasiz, masofadan turib savdo qilish uchun ayni muddao.

Xiaomi Mi5S mobil aloqaning GSM 900/1800/1900, 3G, LTE tarmoqlarida ishlaydi. Unga 2 ta SIM-karta o‘rnatish mumkin.

Xulosa

Xiaomi Mi5S — bu smartfonning eng arzoni Xitoyda 270 AQSh dollari atrofida sotilmoqda. O‘zbekistonda esa uning boshlang‘ich bahosi o‘rtacha 350 AQSh dollar. Bu narx evaziga sizga 2016 yilning eng ilg‘or protsessori bilan ta’minlangan platforma, kuchli kamera, sifatli ekran va metall dizayn va’da qilinmoqda. O‘ylab ko‘rishga arziydi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 3,441,000 сўм Sotib olish
olx.uz 350 АҚШ доллари Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!