Xiaomi’ning o‘z protsessoridagi ilk smartfoni – Mi5C tavsifi

  •   DiMaX
  •  1872
  •  06.04.2017 12:20

Xiaomi’ning o‘z protsessoridagi ilk smartfoni – Mi5C tavsifi

Tobora keng e’tiroflarga sazovor bo‘lib kelayotgan Xiaomi kompaniyasi navbatdagi smartfoniga yot protsessor emas, balki o‘z mahsuloti bo‘lgan chipset o‘rnatdi. Xo‘sh, mazkur Mi5C modelining ishlashi, turli xususiyatlari qanaqa? Bugungi tavsifimiz shu haqda.

Dizayn: sal-pal «iPhone’roq»

Mi5C’ni qo‘lga olganingizda ilk seziladigani – uning juda yupqa va yengilligi. Korpus qalinligi yetti millimetr, alyuminiydan ishlangan. Qurilma vazni 134 gramm keladi. Ekrani uncha katta emas – diagonali 5,15 dyuym. Lekin uning atrofida rom deyarli yo‘q, bu esa tashqi ko‘rinishdagi jozibani oshirgan. Romi o‘ta ingichka bo‘lsa-da, hech qanaqa yedirilib ketish holati yuzaga kelmaydi.

Smartfon uch xil rangda taqdim etilmoqda: to‘q kul rang, pushti va tillarang. Dizaynidagi qolgan jihatlar kabi, bu tomoni bilan ham u iPhone 7’ga o‘xshab ketadi. Baribir, tashqi ko‘rinishi oldingi modellariga nisbatan qiziqarli ekanligini e’tirof etish kerak.

Xiaomi Mi5C korpusi jilosiz alyuminiydan ishlangan bo‘lib, sirpanchiq emas – qo‘ldan tushib ketishidan cho‘chimasangiz ham bo‘ladi. O‘ziga uncha-muncha dog‘ yuqtirmaydi ham.

Kameralar: selfiga juda qulay

Ha, bu modelning 8 megapikselli old kamerasi hayratga loyiq. To‘g‘ri, gap faqat ob’yektivning o‘zida emas – suratga tushirilganidan keyin kameraning dasturiy ta’minoti uni zudlik bilan qayta ishlab beradi. Ammo biz uchun rasmning ajoyib chiqishi muhimroq-ku, to‘g‘rimi? Unda terini silliqlab yuborish funksiyasi sukut bo‘yicha faollashtirilgan bo‘lsa-da, hammasini xuddi tabiiydek chiqaradi. Masalan, quyidagi rasmda u qizning terisini silliqlab ko‘rsatar ekan, peshonasiga tushgan sochlarini ham «yedirib» yuborgan, ammo shuni ta’kidlab aytmasak o‘zingiz sezishingiz mushkul edi:

Smartfonning 12 megapikselli asosiy kamerasi ham yetarlicha sifatli. Agar Xiaomi’ning so‘nggi flagmanlari – Mi5 va Mi5S bilan solishtirsak, suratga olish bo‘yicha Mi5C ulardan aslo qolishmaydi. Narxi bo‘yicha esa yangi model ulardan arzon, demak, agarda sizga aynan kamera muhim bo‘lsa, kamerasi kuchli, ammo o‘zi nisbatan arzonroq Mi5C’ni tanlashingiz mumkin.

Bino ichida va tunda tushirilgan rasmlar judayam mukammal emas, ammo suratga olish tezligi bo‘yicha, umuman kadrlar sifati bo‘yicha o‘rtacha narx segmentidagi smartfonlar orasida uni yetakchi deyish mumkin.

Yana bir jihati – HDR rejimi tezda ishga tushadi – kadrni qayta ishlash jarayoni bir soniyaga yaqin vaqt oladi, natija esa yaqqol seziladi.

Tarmoq: LTE, Wi-Fi va boshqalar

Mi5C to‘rtinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i – LTE’da ishlay oladi, unga ikkita nano-SIM karta qo‘yish mumkin.

Tajribada bu telefondan modem sifatida foydalanib, bir vaqtning o‘zida bir nechta qurilmaga Wi-Fi tarqatib ko‘rishgan. Natijalar quvonch bilan hayratga solarli. Umuman olganda, simsiz aloqa borasida muammo ko‘zga tashlanmagan, faqat unda NFC yo‘q.

Smartfonga Xiaomi’ning o‘zi tomonidan oltinchi avlod Android platformasi asosida ishlangan MIUI qobig‘idagi proshivka o‘rnatilgan. Xiaomi ishqibozlari yaxshi bilishadiki, uning telefonlaridagi asosiy muammo – aynan proshivka; chunki odatda har bir yangi proshivka ham dastlabki oylarda faqat xitoycha va ko‘pchiligida inglizcha ham bo‘ladi. Ammo Mi5S’ga kelganda, bu borada sizni xushxabar kutmoqda: unga oltinchi Android ustiga global MIUI 8.1 versiyasi o‘rnatilgan! Ya’niki, unda Google Play ham ko‘zda tutilgan, yana rus tili ham o‘zida mavjud!

Proshivka anchagina yoqimli ko‘rinadi – iOS’ga o‘xshab ketadi: ilovalar menyusi yo‘q, ishlash tezligi nisbatan yaxshi.

Ekran: yorqin, lekin juda bo‘yoqdor emas

Mi5C displeyi diagonaliga 5,15 dyuymni tashkil etib, FullHD sifatiga, IPS matritsasiga ega. Ko‘rinishi juda tiniq, yorqinligi – a’lo darajada, hatto bino ichida sal yorqinligini kamaytirib qo‘ygingiz keladi. Yorqinlikni boshqarish mumkinligi yaxshi: qorong‘ida juda qo‘l keluvchi eng to‘qrangdan to quyoshli kunda asqotuvchi maksimal yorug‘likkacha bo‘lgan keng diapazonda sozlash mumkin. Buni tashqi muhit yorug‘ligiga qarab avtomatik o‘zgarishga sozlab qo‘ysa ham bo‘ladi, ammo bunda kutganingizdan sal to‘qroq qilib ko‘rsatadi.

Gap sensorning sezuvchanlik darajasidami yoki klaviaturaning dasturiy yechimidami (balki har ikkalasi tufaylidir) – ishqilib, Mi5S’da harf terish ham juda qulay.

Umuman olganda, smartfonga yaxshi sensorga ega yoqimli displey o‘rnatilgan, uning romi yo‘qligi esa yanada zo‘r. Faqat ranglarni to‘laligicha yetkazib berishini a’lo darajada, deb bo‘lmaydi – u sal oqishroq tuyuladi.

Barmoq izi skaneri: tezkor va zukko

Skaner barmoq izini tezda eslab qoladi – ko‘pi bilan o‘n besh soniyada. Ishlashi ham yaxshi, barmoq izidan tanib blokdan chiqarish bir zumda amalga oshadi; qimmat bo‘lmagan smartfondagi bu tezkorlik quvontirmay qo‘ymaydi.

Ammo sal noqulayligi bor: skaner shunchaki teginishdan ta’sirlanmaydi, balki «Uyga» tugmachasini bosish kerak bo‘ladi. Tugmacha esa birmuncha nozik va unga ko‘nikish kerak bo‘ladi.

Ishlash tezligi: hamyonbop telefon uchun chakkimas

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Mi5S’ga Xiaomi’ning o‘zi ishlab chiqargan Surge S1 protsessori o‘rnatilgan. U to‘rt yadroli bo‘lib, maksimal 2,2 GGs chastotada ishlay oladi. Dasturiy ta’minotda chipset samaradorligining ikkita rejimi ko‘za tutilgan: Balanced va Performance. AnTuTu benchmarkida tekshirilganida, u birinchi rejimda 45 ming, ikkinchisida esa 55 mingga yaqin ball to‘plagan.

Devaysning tezkor xotirasi 3 GB bo‘lsa, ichki xotirasi ham yetarlicha katta – 64 GB. Agarda Xiaomi’ning bu mahsulotini shu narx segmentidagi boshqa smartfonlar bilan taqqoslasak, Mi5S’ning ustunligini e’tirof etish o‘rinli. O‘yinlarga kelsak, juda og‘irlarida sal muammo bo‘lishi mumkin.

Juda talabchan bo‘lmagan yoki tajribasizroq foydalanuvchi ilovalarning ochilishida va ishlayotgan dasturlar orasida bir-biriga o‘tishda salgina tanaffusni sezmaydi. Sezganda ham koyish o‘rinsiz: bu narxdagi devays uchun shundan ortig‘ini talab qilish noinsoflik bo‘lardi-da!

Darvoqe, Mi5C ovozlari juda baland emas, sukut bo‘yicha sozlangan standart holatida esa pastroq ham. Stereo tovush yo‘q.

Akkumulyator: protsessorga mos emas

Qurilmaga 2860 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan va u USB Type-C porti orqali quvvatlanadi. Umuman olganda, 2860 me’yordagi standart, ammo yangi protsessor bilan u uyg‘un emasligi sezilib qolgan. Masalan, batareyaning to‘la quvvati video ko‘rishda atigi 4 soatga yetadi, PCMark avtonomlik testida esa u to‘rt soatga yaqin ishlagan (raqobatchilarida bu ko‘rsatkich bir yarim baravarga ko‘proq). O‘yin rejimida esa uning quvvati yanada tezroq tugab qoladi – 3 soatu 10 daqiqa.

Umuman olganda, Mi5C’ning batareyasi ko‘ngildagidek emas. O‘rtacha foydalanuvchi (internet, pochta, ijtimoiy tarmoqlar doimiy yoqiq) rejimida smartfon tushgacha chidab bergan. Xiaomi’ning oldingi telefoni – Mi5S modelida batareya bunisidan salgina katta – 3000 mA/soat, ammo natijalar ikki baravar yuqori. Aftidan, yangi protsessorning energiya tejamkorligi ustida yana ishlash kerak.

Xullasi kalom…

Dastlabki savdoda Xiaomi Mi5C modeliga 1499 yuan narx belgilangan, bu esa taxminan 217 AQSh dollari, degani. Bu kabi o‘rtacha narx segmentidagi smartfonlar ham endilikda yupqa, metall korpusli, yaxshi displeyga va barmoq izi skaneriga ega qilib chiqarilayotgani yaxshi. Shular orasida Xiaomi Mi5C raqobatga bemalol dosh bera oladi, uning ustunliklari romsiz ekrani va kuchli kameralarida yaqqol aks etadi.

Salbiy tomonlariga kelsak, batareyasi sig‘imi kichkinaligini ta’kidlash kerak. Shu jihati bilan mazkur qurilma muvaffaqiyatsiz chiqqan: axir, shu narx ustiga ozgina qo‘shib, sinalgan Snapdragon 821 asosida ishlovchi Mi5S flagmanini, yoki akkumulyatori bo‘yicha rekordsmen – Redmi Note 3 olish ham mumkin-ku!

Biroq qulayligi va tashqi jozibasi bilan Mi5C o‘z «ajdod»idan ancha ustun baribir. Shunaqa smartfonlar bo‘ladi – qo‘lingizga olib ko‘rishingiz bilan uning o‘zingizniki bo‘lishini xohlab qolasiz. Batareyasi kamsig‘im bo‘lishiga qaramasdan, Xiaomi Mi5C aynan shunaqa qurilmalardan biridir.

Ijobiy jihatlari:

  • Kameralari kuchli;
  • Sirg‘almas va gard yuqtirmas metall korpus;
  • Yupqa va yengilgina;
  • Ekran atrofida rom yo‘q.
Salbiy jihatlari:

  • Batareyasi kamsig‘im
  • Xotira kartasi uchun joy yo‘q
  • Ekranda ranglar bo‘yoqdorligi kamroq.

 

Agar mazkur tavsifdan keyin bu smartfonga mehringiz tushib qolgan bo‘lsa, unga AliExpress internet-do‘koni orqali buyurtma berish imkoni mavjudligini eslatib o‘tamiz. Bu boradagi maslahatlarni esa maslahatlarni esa Telegram’dagi @ghost_stranger profili orqali bizning menejerimizdan olishingiz mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!