Xiaomi o‘z rekordini yangiladi va endi 100 millionni ko‘zlamoqda

  •   DiMaX
  •  1420
  •  05.10.2017 10:18

Xiaomi o‘z rekordini yangiladi va endi 100 millionni ko‘zlamoqda

Xiaomi kompaniyasi rahbari Lei Szyun o‘z xodimlarini yangi rekord bilan tabrikladi – ular sentyabr oyining o‘zida 10 million dona smartfon sotishgan. Bu esa Xiaomi tarixida ilk bor kuzatilmoqda, deb yozadi GizChina.

Muvaffaqiyat omillari

Kompaniya smartfonlarining savdosi o‘tgan yili ancha tushib ketganini hisobga olsak, Xiaomi’ning rekord ko‘rsatkichlari yanada ahamiyatliroq ko‘rinadi. 2016 yili ayrimlar hatto, bu kompaniyaning smartfon biznesi inqirozga uchrashini ham prognoz qila boshlashgandi. Lekin, mana, ko‘rib turganimizdek, aksi kuzatilyapti.

Kuzatuvchilarning fikricha, bugungi rekordning bir necha sabablari bor. Avvalo, bu – Hindiston bozoriga samarali kirib borish natijasidir. Ikkinchidan, smartfonlarni savdoga chiqarish sxemalarining o‘zgartirilgani ham bunga sabab bo‘ldi: Xiaomi endi o‘z mahsulotlarini faqat onlayn tarzda emas, balki oddiy do‘konlar orqali ham sotishni yo‘lga qo‘ygan. Yaqindagina – 1 oktyabr kuni kompaniya Xitoy hududida yana 20 ta do‘konlarini ochdi.  2020 yilgacha bunday do‘konlar sonini 200 minggacha yetkazish rejalashtirilgan.

Xo‘sh, innaykeyin-chi?

Endi shu erishilgan rekord bilan cheklanib qolish – oqilona ish emas, albatta. Xiaomi ham bundan buyog‘iga har bir oyda 10 millionlik chegaradan yuqorida yurishni ko‘zlamoqda.

Shu yilning oxirigacha kompaniya 100 million qurilma sotishni rejalashtirgan. Yoki, loaqal shu ko‘rsatkichga maksimal darajada yaqinlashishga harakat qilayotir.

Szyun so‘zlariga ko‘ra, hozirda kompaniya smartfonlariga talab oshmoqda va ular shunga mos holda taklifni ham kuchaytirishadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!