Xiaomi smartfonlari nega bu qadar arzon?

Xiaomi smartfonlari nega bu qadar arzon?

Xiaomi haqida bilganimiz shuki — u hamnyobop va sifatli smartfonlar va boshqa qurilmalar ishlab chiqaradi. Bor-yo‘g‘i shumi? «Xitoycha Apple» nega qurilmalarini raqiblaridan ancha arzonga sotadi? Harqalay, savob uchun bo‘lmasa kerak! Bu savollarga Xiaomi kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Donovan San javob beradi.

“Xiaomi faqatgina “temir”, ya’ni smartfon ishlab chiqarish yoki ularga xizmat ko‘rsatish markazi orqasidan kun ko‘radi, deb o‘ylash xato. Bizning faoliyatimiz 3 ta ustundan iborat: qurilma, dasturiy ta’minot va eko-tizim ishlab chiqarish. Smartfonlarimiz narxlari smartfonlar tannarxini oshirish emas, balki qo‘shimcha xarajatlarni kamaytirish evaziga arzonlashadi. Bizning raqiblarimizdan farqimiz ham shunda. Misol uchun, reklamaga katta pul ajratish, do‘konlar ochish kabi ortiqcha sarf-xarajatdan cheklanamiz. Smartfonlarimizning o‘zi — bizning bosh reklama qurolimiz. Xiaomi smartfonlari esa — onlayn xizmatlarimizni pullashimiz uchun tayyor platforma. Bu kompaniyaning doimiy daromad manbaiga aylanib bormoqda”, deydi bosh menejer.

Donovan Sanning qayd etishicha, Xiaomi’ning firma xizmatlari Xitoyni chetlab, jahon miqyosida keng tarqalmoqda.

“Xiaomi smartfonlari savdosi internet orqali ham muvaffaqiyatli biznesni yurgizish mumkinligini isbotlab bergan biznes-modeldir. Unda bizning raqiblar do‘kon ochib, bozorni egallash uchun katta mablag‘ sarf qilish bilan ovvora edilar”.

Kompaniyaning yangi modellari yangicha dizayn va sifatli korpus materiali, yangi protsessor, yangicha proshivka bilan diqqatni tortadi. Muhimi — bularning barchasining narxi avvalgi avlod smartfonlarinikidan u qadar ham katta farq qilmaydi.

Mutaxassisning fikricha, Xiaomi Mi Mix kompaniyaning dizayn masalasida nimalarga qodirligini ko‘rsatib berdi. Bu — Xiaomi telefonlarining istiqboldagi ko‘rinishi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!