Xiaomi va Google Mi A1'ni taqdim qildi: kamera iPhone 7 Plus'niki kabi

Xiaomi va Google Mi A1'ni taqdim qildi: kamera iPhone 7 Plus'niki kabi

Xiaomi kompaniyasi bu galgi hamyonbop, shu bilan birga, kuchli kamerafonni Google kompaniyasi bilan ishlab chiqardi. Arzon smartfonlar turkumi bo‘lmish yangi Android One oilasining ilk vakili Xiaomi Mi A1 deb nomlandi va aksariyat jihatlari bilan bir muddat avval taqdim qilingan Xiaomi Mi 5X'ni eslatib yuboradi. 

Mazkur mobil telefonning boshqa modellardan eng katta farqi -- u ishlab chiqaruvchining MIUI proshivkasi emas, Google'ning Android One tizimiga ega bo‘ladi. Xiaomi Mi A1 — Xiaomi'ning Android One tizimida taqdim qilingan ilk smartfoni. Smartfon Google'dan yangilanishlarni muntazam olib turadi.

Smartfon nihoyatda jozibador dizaynda. Jumladan, uning korpus qalinligi 7,1 mm. Korpus yonlariga silliq qayrilgan dizaynda ishlov berilgan. Orqa panelda barmoq izlari skaneri joylashgan. Ekran himoya shishasi bilan qoplangan. Displey bo‘ylab 2.5D effektiga ega shisha yotqizilgan.

Xitoylik ishlab chiqaruvchining yangi mobil aloqa vositasi metall korpus va qo‘sh sensorli  12 + 12 Mp birikuvidagi flagman kameraga ega bo‘lgan. Devaysning bu jihati iPhone 7 Plus'ga o‘xshab ketadi. Olingan suratlarni qayta ishlash uchun maxsus -- "sun’iy idrok"texnologiyasi tatbiq qilingan algoritmi ishlab chiqarilgan. 5 megapikselli selfi-kamerada ham suratni qayta ishlash uchun shunday innovatsion algoritm joriy qilingan. Shuningdek, kameralar 2 karralik optik yaqinlashtirish funksiyasiga ham ega bo‘lgan.

Quyidagi surat Xiaomi Mi A1'da olingan

Ishlab chiqaruvchi bosh kamera pikselining 1,25 mkm.ga oshgani, bu esa hozirgi odatiy sensorlardan yorug‘likni 56% ga yaxshiroq qabul qilishi va natijada, surat yanada yorqin chiqishini alohida qayd etgan.  

Shuningdek, Xiaomi Mi A1'ning platforma samaradorligi Xiaomi Mi 5X va Xiaomi Redmi Note 4'dan qolishmaydi. Ya’ni, smartfon ayni paytda o‘rta darajali "aqlli telefon"lar ega bo‘layotgan ilg‘or chip bilan ta’minlangan. 

Dasturiy ta’minotni yil oxiriga qadar eng so‘nggi operatsion tizim -- Android 8.0'ga yangilab olish mumkin. Qolaversa, bu qurilma Google'ning ham mahsuloti ekani hisobga olinsa, devays foydalanuvchilari birinchilardan bo‘lib Android P platformasini ham yangilab olishlari mumkin. Xiaomi Mi A1'da USB Type-C universal porti ham o‘rnatilgan.

Qisqacha texnik tavsif:

Ekran: 5.5", Full HD, IPS

Chip: Snapdragon 625;

Xotira: 4 GB tezkor, 64 GB doimiy, microSD -- 128 GB;

Bosh kamera: 12 + 12 Mp;

Old kamera: 5 Mp;

Batareya: 3080 mA soat;

Operatsion tizim: Android 7.1.2.

Xiaomi Mi A1'ning ovoz taratishi ham diqqatga sazovor: smartfonda yuqori texnologiyali quloqchinlarni qo‘llab-quvvatlaydigan DHS ovoz uzatish algoritmidan foydalanilgan.
Xiaomi Mi A1 2 ta SIM-kartali, aloqaning 4G VoLTE, Wi-Fi 802.11 ac (2.4GHz / 5GHz), Bluetooth 4.2, GPS + GLONASS tarmoqlarida ishlaydi. Smartfon o‘lchamlari: 155,4 x 75,8 x 7,3 mm, vazni -- 168 gramm. Xiaomi Mi A1 3 xil rangdagi — qora, pushti va tilla rangli korpuslarda sotuvga chiqariladi.

Sotuvga chiqish vaqti hamda narxi

Xiaomi Mi A1 2 talqinda ishlab chiqariladi. Uning 4+64 GB talqini 12 sentyabrdan 230 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!