Xiaomi X1 narxi rasman ma’lum qilindi

Xiaomi X1 narxi rasman ma’lum qilindi

Xiaomi bu yil smartfon bozorida katta ishonch bilan harakat qilmoqda. Yilning ikkinchi yarmi brend uchun taqdimot va yangi smartfonlarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, xitoylikning hamyonbop va o‘rta narxli bir-biridan qiziqarli smartfonlariga guvoh bo‘lishimiz aniq.

Xitoylik smartfonsozlarga xos izohlab bo‘lmaydigan holat mavjud: ularning barchasi "farzandli" bo‘lgisi, ya’ni quyi brendga ega bo‘lgisi keladi. Ular yangi startaplarga pul tikishni yaxshi ko‘rishadi. Misol uchun, ZTE korporatsiyasi "Nubia", Huawei esa "Honor" kabi quyi brendlarga ega bo‘lishgan.

Xiaomi ham, nihoyat bu sharafli nomga ega bo‘lmoqda va Lanmi (ko‘k guruch) nomli brend ostida o‘zining smartfonlarini ishlab chiqarmoqda. Xiaomi X1 yoki Lanmi X1 smartfoni bu brendning ilk gadjeti bo‘lib, uning jihatlari va hamyonbop narxi hozirdanoq Xiaomi'ga muxlislar olib kelmoqda. 

Smartfon posteri, deya taxmin qilinayotgan yangi suratlar insayderlar tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga to‘la muvofiq keladi: yaxlit metall korpus, 5,5 dyuymli displey, optik zum texnologiyasi joriy qilingan qo‘sh sensorlik bosh kamera (bitta modul keng burchakli surat olsa, boshqasi — teleob’yektiv vazifasini bajaradi).

Ma’lum qilinishicha, uning platformasi Oppo R11 kabi, Snapdragon 660 chipiga ega bo‘ladi. Bu protsessor flagman chiplardan bir qadam orqada. Xiaomi X1 korpusi 2 xil dizaynda tayyorlanadi: romsiz va an’anaviy korpusda. Romsiz dizayndagi korpusda barmoq izlari skaneri orqa korpusdan o‘rin egallaydi.

Romsiz talqin 5,5 dyuymli, piksellar sig‘imi 2160 x 1080 belgiga teng bo‘lgan displeyga ega bo‘lsa, an’anaviy talqin 5,5 dyuymli Full HD (1920 x 1080 pikselli) displey bilan ta’minlanadi.

Kutilayotganidek, Xiaomi X1 yoki Lanmi X1 bahosi ham brend tamoyillaridan chetga chiqmagan holda bo‘ladi. Uning 4/64 Gb xotira talqini $265 dollardan sotuvga chiqariladi. Shuningdek, Xiaomi X1'ning 6/128 Gb xotira talqini $295 dollardan sotiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!