Xiaomi: yangi modellar turkumini kuting!

  •   DiMaX
  •  1965
  •  03.07.2017 13:25

Xiaomi: yangi modellar turkumini kuting!

Xitoydagi manbadan olingan manbaga ko‘ra, Xiaomi kompaniyasi yangi – Xiaomi X turkumida smartfonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu xususda GizmoChina nashri xabar berayotir.

Ushbu kompaniya shu paytgacha ikki xil turkumga mansub smartfon modellarini chiqarib kelganini bilamiz. Bulardan Mi turkumi yuksak samaradorlikka, flagman xususiyatlariga ega smartfonlar bo‘lsa, Redmi turkumi o‘rta narx segmentidagi, xususiyatlari va narxlari ham shunga yarasha bo‘lgan telefonlardir.

Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, yaqin orada chiqariladigan yangi turkumga mansub birinchi model Xiaomi X1 deb nomlanadi. Manbaning xabar berishicha, u Xiaomi X1 smartfonining ikki talqinda taqdim etilishini aniqlagan: bittasi romsiz ekranli, ikkinchisi esa oddiy ekranli qurilmalar bo‘ladi.



Birinchi – romsiz variantiga diagonali 5,5 dyuymga teng bo‘lgan, 2160x1080 piksel sig‘imli Pegasus displeyi o‘rnatiladi. Mazkur devays Snapdragon 660 chipseti asosida ishlaydi. Kamerasi esa qo‘shaloq – IMX362 yoki IMX386 sensoridan iborat bo‘lishi kutilmoqda. Gadjetning 3,5 millimetrlik audiotirqishi hamda orqa panelida barmoq izi skaneri bo‘ladi. Yangi modelning narxiga kelsak, tezkor xotirasining hamda ichki xotirasining hajmidan kelib chiqqan holda, smartfon qiymati 300 AQSh dollaridan boshlanadi.

Xiaomi X1’ning ikkinchi talqini oddiy ekranga ega bo‘lishi kutilmoqda. Uning piksellar sig‘imi haqida ma’lumot yo‘q, ammo, u Full HD sifatida bo‘lishi taxmin qilinayotir. U ham Snapdragon 660 chipsetida ishlaydi, 3,5 millimetrlik audiotirqishga ega bo‘ladi. Faqat bu talqinida barmoq izi sensori old panelda – ekran ostida joylashadi. Uning boshlang‘ich narxi ham birinchi talqinnikiga nisbatan pastroq bo‘ladi.