Xiaomi’ning MIUI 9 beta-testerlari jamoasiga qo‘shilasizmi?

  •   DiMaX
  •  1658
  •  22.07.2017 16:48

Xiaomi’ning MIUI 9 beta-testerlari jamoasiga qo‘shilasizmi?

Xiaomi smartfonlari kompaniyaning MIUI qobig‘i ostidagi Android operatsion tizimida ishlashidan xabaringiz bor. Bu qobiqning yangi versiyalarini keng ommaga taqdim etishdan avval amalda sinab ko‘ruvchi beta-testerlar yordamiga zarurat seziladi.

Beta-tester bo‘lish – smartfon ishlab chiqaruvchilarga ko‘ngilli tarzda yordamlashish hamda ularning hali ommaviy tarzda taqdim etilmagan dasturiy ta’minotlari bilan birinchilar qatorida tanishish demakdir. Xiaomi kompaniyasi ham o‘z smartfonlari foydalanuvchilariga beta-tester tarzida MIUI 9 operatsion tizim qobig‘ini sinab ko‘rish imkoniyatini taqdim etadi.

Xiaomi ayni damda Xitoy bozori uchun chiqarilgan proshivkaning xususiyatlarini o‘rganish uchun beta-testerlar izlamoqda. Yaqin orada esa MIUI 9’ning global proshivkalarini sinab ko‘rish ishlari ham boshlanadi.

Xo‘sh, beta-testlarda ishtirok etish uchun nimalar kerak bo‘ladi?

1. Avvalo, Xiaomi kompaniyasining tegishli modellaridan biriga oid smartfoningiz bo‘lishi kerak. Bular quyidagilardir: Mi 6, Mi 5s Plus, Mi 5s, Mi 5, Mi 4S, Mi 4c, Mi 4, Mi 3, Mi 2/2S, Mi MIX, Mi Max 2, Mi Note 2, Mi Note/Pro, Mi Pad 2, Mi Pad 1, Redmi Note 4X (MTK), Redmi Note 4X (Snapdragon), Redmi Note 4, Redmi Note 3 (MTK), Redmi Note 3 (Snapdragon), Redmi Note 2, Redmi Note, Redmi Pro, Redmi 4X, Redmi 4A, Redmi 4, Redmi 4 Prime, Redmi 3S/Prime, Redmi 3, Redmi 2A, Redmi 2/Prime, Redmi 1S, Redmi 1.

2. Beta-testda qatnashish uchun, siz kastom ROM proshivkalarini o‘rnatish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishingiz lozim. Shuningdek, jarayonlarda ingliz tili ham kerakligi bois, undan xabardor bo‘lishingiz talab etiladi.

3. Jamoaga qo‘shilish uchun Google Play do‘konidan Xiaomi MIUI Forum (inglizcha) ilovasini mana bu havola orqali o‘rnatib olishingiz zarur. O‘rnatib olgach, undagi Recruitment varaqasida o‘z shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritib, tasdiqlashingiz kerak.

Agarda beta-testing jarayonlariga sizni ham qabul qilishsa, bu haqda bildirishnoma keladi. Beta-testerlarni tanlash muddati 1 avgustgacha davom etadi. Demak, o‘ziga ishongan, yangiliklarga ishqiboz yoshlarimiz hali harakat qilib ko‘rsalar bo‘ladi. Olg‘a!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!