“Xitoycha MacBook Air” Apple’nikidan $300 dollar arzonga sotiladi

“Xitoycha MacBook Air” Apple’nikidan $300 dollar arzonga sotiladi

Xiaomi kompaniyasi 27 iyul kuni Mi Notebook Air ultrabukini namoyish qildi. Uning Apple’ning MacBook Air gadjetiga qarshi “maydonga” tushgani aytilmoqda. Qurilma har jihatdan “Olma”ning mahsulotiga o‘xshab ketadi. Xususan, u to‘liq metall korpusga ega.

2 avgustdan boshlab 13.3 dyuymli Mi Notebook Air Xitoy bozoriga $750 dollardan chiqariladi. MacBook Air’ning bu yerdagi narxi esa ayni paytda  $1,050 dollarni tashkil qiladi. Noutbuk 12.5 dyuym ekranli versiyada ham ishlab chiqarilmoqda. Mazkur talqin  bozorda $530 dollardan sotilishi ma’lum qilingan.

Windows 10 operatsion tizimida ishlaydigan Mi Notebook Air ultrabukida hatto Apple’ning MacBook Air’ida mavjud bo‘lmagan yangi jihatlar bilan boyitilgan.

ABI Research marketing kompaniyasi rahbari Jeff Orrning fikricha, Xiaomi qaysidir ma’noda muvaffaqiyatli qurilmalarga o‘xshash gadjetlarni takomillashgan talqinda ishlab chiqish orqali raqobatda Apple, Lenovo hamda Acer, Asus kabi yirik ishlab chiqaruvchilarga imkoniyatni boy bermoqchi emas.

Mi Notebook Air klaviaturasi to‘liq ostki yoritgich va yupqa hoshiyali ekran shishasi romga qadar birlashgan shisha ekranga ega.

Odati bo‘yicha, Xiaomi’ning mahsulotlari Apple qurilmalarini takrorlab, ulardan o‘zib ketishga harakat qiladi. Jumladan, xitoylik kompaniyaning da’vo qilishicha, Mi Notebook Air noutbukining korpusi Macbook Air’nikidan 13 foizga yupqa va uning 5.56 mm.lik romi sababli 11 foizga ixchamroq. Korpus o‘lchamlari: 306.9 x 210.9 x 14.8 mm.

Ultrabukning 13 dyuymli modeli full HD displey (1,920 x 1,080 piksel), Intel Core’ning i5 protsessori, Nvidia’ning GeForce 940MX video kartasi, 8 GB tezkor xotira, 256 GB doimiy ichki xotira, va SATA’ning 256 GB.gacha fleshkani qo‘llab-quvvatlaydigan xotira bo‘lmachasi bilan bugungi foydalanuvchi talablariga javob beradi.

Xiaomi’ning xabar berishicha, Mi Notebook Air ultrabukida video o‘yin ishqibozlari soniyasiga 85 kadrli Dota 2 kabi full HD sig‘imli, grafikaga boy o‘yinlarni o‘ynashlari mumkin.

Mi Notebook Air 1.28 kg vaznga ega. Uning korpusida quvvatlash uchun USB-C port, shuningdek 2 ta USB 3.0 port, 1 ta HDMI multimedia porti hamda 3.5 mm audio porti o‘rnatilgan.

Xitoycha “Mak Eyar”ning akkumulyatori uning 9 soatlik faoliyati uchun yetarli. Uning raqibida esa bu ko‘rsatkich 12 soatni tashkil etadi. Biroq Mi Notebook Air’da tezkor quvvatlash tizimi joriy qilingan, uning akkumulyatorini 30 daqiqada 50 foizga to‘ldirish mumkin.

12.5 dyuymli Mi Notebook Air ekrani 12.9 mm, nihoyatda ingichka chekka romga ega. U 1.08 kg tosh bosadi. Gadjet platformasi Intel Core i3 protsessori, 4 GB tezkor xotira, 128 GB doimiy ichki xotirada faoliyat ko‘rsatadi. Unda alohida emas, markazlashgan videokarta mavjud.

2015 yilda Xiaomi’ning noutbuk ishlab chiqarishiga oid turli gap-so‘zlar tarqalgan edi. Kompaniya mana endi bu borada jahonning super qurilmasiga raqib bo‘lgan gadjetni taqdim etdi.

Xiaomi 2015 yilda narxi $45  milliard dollarga teng bo‘lgan 70 million dona mobil vositasini sotishga muvaffaq bo‘lgan. Bu juda katta natija. Muhimi, u arzon va sifatli mobil aloqa vositalari bilan foydalanuvchilar ishonchini oqlamoqda.

Xitoyda smartfon ishlab chiqarishning jadal rivoji xalqaro kompaniyalarni mahalliy bozordan surib chiqarmoqda. Misol uchun, Apple’ning Xitoydagi daromadi bir yil ichida 33 foizga tushib ketgan. Natijada, Xitoy kompaniyaning eng yirik ikkinchi bozori degan maqomdan chiqib ketdi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.