Xoh ishoning, xoh ishonmang – Xiaomi’ning yana bitta yangi smartfoni Geekbench’da «ko‘rindi»!

  •   DiMaX
  •  1433
  •  17.05.2018 18:03

Xoh ishoning, xoh ishonmang – Xiaomi’ning yana bitta yangi smartfoni Geekbench’da «ko‘rindi»!

Xiaomi kompaniyasi o‘zining sakkiz yilligi arafasida har xil modellarda smartfonlar tayyorlab charchamayapti. Kunda-kunora bo‘lmasa-da, haftada bir-ikki marta uning biror yangi mobil devays hozirlayotgani haqida ma’lumot tarqaladi.

O‘QING: Xiaomi Strakz: noma’lum arzon smartfon benchmarkda g‘alati natija ko‘rsatdi

Geekbench benchmarkida 16 may kuni tekshirib ko‘rilgan ushbu smartfon Xiaomi E6 kodli nomi ostida yashirilgan. Sinov payti bazada saqlanib qolgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi telefonga Qualcomm kompaniyasining sakkiz yadroli, 2,0 GGs takt chastotasida ishlovchi protsessor o‘rnatilgan. Internet-manbalarning ta’kidlashlaricha, bu Snapdragon 625 chipi bo‘lishi ehtimoli yuqori. Amerikalik chipsozning ushbu mahsuloti ARM Cortex-A53 yadrolarini qo‘llaydi; ularga Adreno 506 grafik tezlatgichi, Hexagon DSP raqamli signal protsessori hamda Snapdragon X9 LTE uyali modemi sheriklik qiladi.

Benchmarkdagi test natijalariga ko‘ra, Xiaomi E6 smartfoni 3 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Unga Android operatsion tizimining so‘nggi – 8.1.0 Oreo talqini o‘rnatilgan.

O‘QING: To‘liq ro‘yxat: Xiaomi bu yil yana qanday smartfonlar taqdim etadi?

Mana, Xiaomi E6 kodli nomi ostidagi smartfonning Geekbench’dagi ko‘rsatkichlari bilan tanishamiz:

Smartfon displeyining hamda kameralarining xususiyatlari hozircha oshkor etilmayotir. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, Snapdragon 625 platformasi FHD+ hamda WUXGA formatidagi ekranlarni, shuningdek, 24 megapikselli bitta yoki 13 megapikselli qo‘shaloq modulli kameralarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Kuzatuvchilar ushbu modelning Redmi turkumiga mansub, o‘rta narxli smartfon bo‘lishini taxmin qilishmoqda, ammo uning taqdimot sanasi va boshqa xususiyatlari noma’lum. Xiaomi’ning allaqachon bozorga taqdim etilgan ko‘plab modellardagi smartfonlarini esa O‘zbekistonda ham rasmiy kafolat bilan olish imkoni bor.

O‘QING: Toshkentda Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlari narxlari (2018 yil 12 may)