Yangi iPad endi planshetlar kerak emasligini isbotlaydi

  •   DiMaX
  •  1579
  •  31.03.2017 14:21

Yangi iPad endi planshetlar kerak emasligini isbotlaydi

Joriy yilning 21 mart kuni Apple ilk bora hech bir ortiqcha shov-shuvlarsiz yangi iPad’ni taqdim etdi. Kompaniya taqdimot marosimini o‘tkazishdan voz kechdi, buning o‘rniga saytdagi tegishli sahifani yangilab qo‘yaqoldi. Yangi iPad sifati masalasida muammo yo‘q, u – a’lo darajadagi planshet. Ammo Apple’ning mazkur qadami planshet bozori hozir rivojlanmayotganini isbotlab turibdi.

Apple bu gal iPad’dan tashqari iPhone 7’ning yangi rangdagisini va Apple Watch uchun yangicha bog‘ichlarni ham taqdim etdi. Garchi kompaniya planshet bozorida yetakchilardan bo‘lsa-da, bir necha yildan beri iPad savdosi pastga qarab ketyapti. IDC tahlilchisining: «Planshetlar bozori 2014 yili o‘z cho‘qqisiga ko‘tarilgan edi», degan gapiga qo‘shilmaslik qiyin. Eslasangiz, oldingi yillar iPad uchun alohida taqdimot marosimi uyushtirilar edi. Keyinchalik ularni boshqa mahsulotlar bilan birga taqdim etishga o‘tishdi. Bu yil esa hech bir shovqin-suronsiz, saytdagi sahifani yangilash bilangina «taqdimot» o‘tkazib qo‘yaqolishdi.

Oxirgi marta 2011 yili iPad’ga alohida e’tibor berilgan – o‘shanda Stiv Jobs tibbiy ta’tildan qaytib, iPad 2 modelining taqdimotini o‘tkazgan edi. O‘sha paytlari planshetlar bozori endigina rivojlana boshlagan va unga kiritilgan har bir yangilik kishilarga allaqanday aql bovar qilmas narsadek tuyular edi. O‘shandan buyon Apple mahsulotlari orasida iPad markaziy o‘rinni egallab kelayotir. iPad Mini va iPad Air ishlab chiqarilishining yo‘lga qo‘yilishi kompaniya uchun alohida ahamiyatli voqea bo‘lgan, biroq iPad Pro to‘g‘risida endi bunday deb bo‘lmasdi. Ta’kidlash kerakki, iPad hozir ham hamishagidek a’lo darajadagi planshet, shunchaki Apple unga ozroq e’tibor qaratishga o‘tdi.

Yil sayin kishilar planshetlar bozoriga tobora kamroq qiziqishmoqda, ishlab chiqaruvchi kompaniyalar esa aytarli biror yangi narsa taklif eta olmayapti. Agar vaziyat shunday davom etsa, iPad’ni ham Mac taqdiri kutayotir – Apple bir necha yilda bir marta yangi planshet modelini taqdim etadi, keyin esa, bir yilda bir marta jimgina uning texnik xususiyatlarini yangilab boraveradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.