Yangi iPad plansheti 4 aprelda taqdim etilishi mumkin

  •   DiMaX
  •  764
  •  09.03.2017 17:13

Yangi iPad plansheti 4 aprelda taqdim etilishi mumkin

O‘z an’anasiga ko‘ra, Apple yil davomida bir nechta tadbir uyushtiradi va ulardan biri bahorning boshida bo‘lib o‘tadi. Yangi iPad planshetlarining yaqin orada taqdim etilishi haqida internet tarmog‘ida ko‘pdan beri gap-so‘zlar tarqalgan, ammo hali-hanuz buning birorta tasdig‘i chiqqani yo‘q.

Nihoyat, Apple World Today nashri bitta taxminni e’lon qildi – kompaniyaning navbatdagi matbuot anjumani 4 aprelda bo‘lib o‘tishi mumkin. Mazkur xulosa 12,9 dyuym diagonalli ekranga ega iPad Pro savdoga chiqarilishi haqidagi xabarlarga asoslangan.

iPad planshetlarining navbatdagi partiyasi keltirilishi vaqti sifatida Apple’ning bir necha do‘konlarida baravariga 4 aprel sanasi belgilangan. Tag‘in, ulardagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni mavjud barcha ranglarda, xotira hajmlarida va simsiz aloqa interfeyslarini qo‘llab-quvvatlovchi planshetlar savdoga chiqariladi.

Bulardan tashqari, jurnalistlar bilan o‘tgan yilgi oxirgi uchrashuvida Tim Kuk, keyingi uchrashuv kompaniyaning yangi shtab-kvartirasida uyushtirilishini e’lon qilgan edi. Apple Park deb nomlangan bu yangi binoning rasman ish boshlashi esa aprelning boshiga mo‘ljallangan.

Odatga ko‘ra, Apple uchrashuv haqida jurnalistlarga tadbirdan bir hafta oldin xabar qiladi. Shunday ekan, kompaniyaning rasmiy takliflari tarqatilishini kutishga to‘g‘ri keladi.