YouTube’da qulay tomosha uchun klaviatura tugmachalari

  •   DiMaX
  •  1057
  •  24.10.2017 18:27

YouTube’da qulay tomosha uchun klaviatura tugmachalari

YouTube – internetdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlardan biri. Ammo undan qulay tarzda foydalanishni hamma ham bilavermaydi.

Bugun biz kompyuter brauzeri orqali ushbu saytda videolavhalarni tomosha qilishni yanada qulaylashtiruvchi ayrim tugmachalar haqida ma’lumot bermoqchimiz.

K – Tanaffus/Davom etish. Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi bu funksiya uchun «Probel» tugmachasini bosadi. To‘g‘ri, bu usul klaviaturadan «K» tugmachasini izlashdan ko‘ra qulayroq ham. Lekin buning jiddiy salbiy tomoni ham bor: ba’zan «Probel» tugmachasi bosilganida mutlaqo boshqa funksiya – «Sahifaning pastiga tushish» ishlab ketadi. Agarda shuning o‘rniga «K»ni bossangiz, videolavha ijrosini to‘xtatib turish va davom ettirishdan boshqa hech qanday harakat ishga tushib ketmaydi.

M – Ovozsiz qilish. Agarda turli sabablarga ko‘ra videorolikni ovozsiz tarzda tomosha qilishga to‘g‘ri kelib qolsa, sichqoncha bilan dinamik belgichasini izlash shart emas. «Ovozini o‘chirish» – «Mute» buyrug‘ining amalga oshirilishi va bekor qilinishi uchun ushbu so‘zning bosh harfi – «M» joylashgan tugmachani bossangiz kifoya.

F – To‘liq ekran rejimi. Bu rejimga o‘tish yoki uni bekor qilish uchun sichqoncha yordamida ekrannni ikki marta chertish shart emas. Buning o‘rniga, «F» tugmachasini bir martagina bosib qo‘ysangiz ham bo‘laveradi. To‘liq ekran rejimining odatda «Full Screen» deb atalishini bilasiz, albatta – uning bosh harfi joylashgan tugmachani eslab qolish oson!

J – Videoni 10 soniya orqaga qaytarish. Video ko‘rayotib, nimagadir chalg‘idingiz yo boshqa sabab bilan nimanidir o‘tkazib yubordingiz, deylik. O‘sha joyini qaytadan ko‘rish uchun sichqonchani ushlab, kerakli joyni kursor bilan izlashning aslo hojati yo‘q. Shunchaki, klaviaturadagi «J» tugmachasini bosing – olam guliston!

«Chapga yurish» tugmachasi – Videoni 5 soniya ortga qaytarish. Vaqtni qizg‘anib yoki boshqa sababga ko‘ra videolavhani 10 soniya orqaga qaytarishni istamaganlar uchun.

L – Videoni 10 soniya oldinga o‘tkazish. Ba’zida filmning suhbatlarsiz joylarini o‘tkazib yuborib ko‘rish kerak bo‘lib qoladi. Shunaqa vaziyatlarda ushbu tugmacha sizga yordamga keladi.

«O‘ngga yurish» tugmachasi – Videoni 5 soniya oldinga o‘tkazish. Rolikni «qisqa-qisqa qadamlar bilan» o‘tkazib yuborib ko‘rish uchun kerak bo‘ladi.

0 (nol) – Videoni eng boshidan boshlash. Qaytadan tomosha qilish uchun asqotadi.

1 dan to 9 gacha raqamlar – Lavhaning to‘qqizta qismidan birini ko‘rish. Balki xabaringiz yo‘qdir – rolikning uzunligidan qat’i nazar, YuoTube har bir videolavhani bir xil davomiylikdagi to‘qqizta qismga bo‘lib qo‘yadi. Ushbu qismlardan istalgan birini tomosha qilish uchun tegishli raqamni bossangiz yetarli.

Shuningdek, YouTube’ni qulayroq qiluvchi qo‘shimchalar bilan ham tanishib qo‘yishingizni tavsiya etamiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.