YouTubeMP3 Converter – YouTube’dagi roliklarning ovozini saqlab olish servisi

  •   DiMaX
  •  1584
  •  25.08.2017 18:00

YouTubeMP3 Converter – YouTube’dagi roliklarning ovozini saqlab olish servisi

YouTube’dan video ko‘chirib olish yo‘llarini bilamiz, ammo ba’zan lavhaning faqat ovozini audiofayl sifatida saqlab olish kerak bo‘lib qoladi. Shunda YouTubeMP3 Converter servisi sizga qo‘l keladi: u YouTube’dagi klipning musiqasini (yoki boshqa istalgan lavhaning ovozini) mp3 formatida ko‘chirib olish imkonini beradi.

Bu usul sizni anchagina mashaqqatlardan qutqaradi: ko‘p vaqt va trafik sarflagan holda YouTube’dan videoni ko‘chirib olish, keyin uni audiofaylga konvertatsiya qilish kerak bo‘lmaydi.

YouTubeMP3 Converter servisi mazkur muammoni hal etishdan tashqari, sizga kerak bo‘lib qoladigan yana bir qator funksiyalarni ham taqdim etadi.

Agarda siz unga YouTube’dagi pley-list havolasini ko‘rsatsangiz, ortiqcha urinishlarsiz uni yaxlit arxiv holida yuklab olib beradi. Arxivdagi har bir trek raqamlangan hamda xuddi videolavhadagi kabi nomga ega bo‘ladi. Bu – YouTubeMP3 Converter’ning shu kabi boshqa servislar ustidan yaqqol ustunligidir.

Shuningdek, siz onlayn rejimda yozuvning uzunligini o‘zgartirishingiz ham mumkin. Buning uchun faqatgina yozuvdan qaysi qismi kerak bo‘lsa, o‘sha joyining boshlanish va tugallanish vaqtlarini ko‘rsatsangiz kifoya.

Bulardan tashqari, mazkur servis yuklanadigan ovoz yozuvi uchun o‘zingizga kerakli aniq bitreytni tanlash imkonini ham beradi. Agar buni ko‘rsatmasangiz, u holda YouTubeMP3 Converter avtomatik tarzda ovozni eng yaxshi sifatda ko‘chirib olib beradi.

Servisdan foydalanish uchun istalgan videorolik manzilidagi youtube (www.youtube.com/…) so‘zini ytbmp3 (www.ytbmp3.com/…) so‘ziga almashtirsangiz ham bo‘ladi – uning ovoz yo‘lakchasi o‘z-o‘zidan ko‘chirila boshlaydi.

YouTubeMP3 Converter servisining yagona kamchiligi – fayllarni ko‘chirib olish tezligining pastligidir. Bu tezlik atigi 500–600 Kb/s.ni tashkil etadi. Ammo, xizmati bepul ekanini inobatga olsak, mazkur kamchilikni kechirsak ham bo‘ladi, to‘g‘rimi? Masalan, 200 qo‘shiqdan iborat pley-listni ko‘chirib olish uchun siz yarim soatdan sal oshiqroq vaqt sarflaysiz, xolos.

Mazkur servisning ishlashini mana bu havola orqali uning rasmiy saytiga o‘tib, tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Ko‘chirib olish bir lahzadayoq boshlanadi, siz hatto konvertatsiya yakunlanishini kutishingiz ham shartmas.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!