Xiaomi’ning yangi xiti sotuvga chiqib, uning ikkita raqibi arzonlashdi

  •   DiMaX
  •  2405
  •  03.01.2020 10:59

Xiaomi’ning yangi xiti sotuvga chiqib, uning ikkita raqibi arzonlashdi

2019 yilning so‘ngida «Xitoycha Apple» yangi smart-soati – Xiaomi Mi Watch Color modelini namoyish etgandi. Unga oldindan buyurtma berish 2020 yilning 1 yanvarida boshlangan bo‘lsa, bugun – 3 yanvardan kompaniya uni bevosita do‘kon peshtaxtalariga ham chiqardi.

O‘QING: Xiaomi bu bozorda Huawei, Samsung va hatto Apple’ni ham ortda qoldirdi!

Mi Watch Color uchun 115 AQSh dollariga teng narx belgilangan va uning yil boshidanoq xit bo‘lishi kutilmoqda. Shu sababli ham Xiaomi’ning turli taqiluvchi gadjetlarini tayyorlab beruvchi hamkori – Huami kompaniyasi o‘zining ikkita ommabop «aqlli» soati narxini pasaytirdi. Bular – Amazfit GTR hamda Amazfit Health Watch rusumli smartvotchlardir.

Xiaomi mahsulotiga qaytadigan bo‘lsak, Mi Watch Color dumaloq AMOLED-ekranga ega, uning diametri 1,39 dyuymga, tasvir aniqligi esa 454x454 pikselga teng. Devays yangi avlod – Bluetooth 5.0 adapteriga hamda tok sig‘imi 420 mA/soatlik akkumulyatorga ega. Uning to‘la quvvati kutish rejimida naq uch haftaga yetadi, odatiy foydalanishda esa 14 kungacha uni quvvatlash talab etilmaydi.

O‘QING: Mi Band 3’dan ham arzon yangi Mi Band taqdim etildi!

Funksiyalariga kelsak, Mi Watch Color jismoniy faollikning 10 turini kuzatib bora oladi. Shuningdek, kun davomida yurak urishlari chastotasini hamda kishining stress darajasini qayd etib turadi. Yana u foydalanuvchining uyqu sifatini nazorat qilib, bu borada tavsiyalar berishga qodir.

Xiaomi yangi smart-soatining muhim o‘ziga xosliklaridan biri – ko‘p funksiyali NFC moduliga ega ekanligidir. Uning yordamida foydalanuvchi kontaktsiz tarzda xaridlar uchun to‘lov qilishi, transportda yo‘l haqini to‘lashi, «aqlli» qulflarni ochishi hamda smart-uy jihozlarini boshqarishi mumkin.

Mi Watch Color korpusi 5 ATM darajasida namlikdan himoyalangan, Xiaomi uning rang-barangligini alohida ta’kidlayapti. Unga ko‘ra, mazkur smartvotch korpusi, siferblati va tasmachalarining turli ranglariga ko‘ra 1540 xil kombinatsiyaga ega.

O‘QING: Xiaomi kutilmaganda yana bitta potensial bestseller tayyorlabdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.