10 daqiqadayoq quvvatlanuvchi bu smartfon o‘z korpusi rangini ham o‘zgartira oladi!

  •   DiMaX
  •  708
  •  29.06.2021 11:53

10 daqiqadayoq quvvatlanuvchi bu smartfon o‘z korpusi rangini ham o‘zgartira oladi!

Infinix kompaniyasi naq 160 vattlik tezkor zaryadlanuvchi dunyodagi ilk smartfonni tayyorlayotgani haqida yozgan va uning «jonli» suratini chiqargan edik. Barselonada bo‘lib o‘tayotgan Mobile World Congress yillik anjumani (MWC 2021) doirasida ushbu qurilma namoyish etildi.

O‘QING: 64 MPlik kvadrokamera va 48 MPlik qo‘shaloq old kamerali eng arzon selfifon chiqdi

Mazkur devays Infinix Concept Phone 2021 deb nomlangan bo‘lib, kompaniyaning birinchi konseptual smartfonidir. Old tomonidan u zamonaviy flagmanlardan uncha farq qilmaydi: chetlari 88 darajada qayrilgan 6,67 dyuymlik AMOLED-displey, Full HD+ formati, old kamera uchun tirqish...

Biroq smartfonning eng qiziq jihati orqa panelidadir: NOW yoxuvi tushirilgan qopqog‘i elektroxrom va elektrolyuminessent texnologiyalarini qo‘llagan holda yaratilgan. Shuning sharofati bilan u o‘z rangini o‘zgartira oladi, masalan – tillarang tusli qopqoq qo‘ng‘iroq kelganida ko‘k rangga o‘zgaradi, quvvat olayotganida markaziy qismi yashil tus oladi va milt-milt etib yonib-o‘chib turadi.

O‘QING: Realme atigi 95 dollarlik 5G-smartfonni rasman e’lon qildi

Concept Phone 2021 modelining yana bir «fishka»si – naq 160 vattlik quvvat bilan, dunyodagi eng tezkor zaryadlanish texnologiyasiga ega ekanidir. Ishlab chiqaruvchining bayonotiga ko‘ra, uning 4000 mA/soatlik akkumulyatorini noldan boshlab butkul to‘ldirish uchun atigi 10 daqiqa kifoya qiladi. Bundan tashqari, mazkur gadjet simsiz usulda ham 50 vattlik quvvat bilan zaryad olishga qodir.

Infinix shunchaki konsepsiya taqdim etib qo‘ya qolmasdan, haqiqatan ishlaydigan smartfon namunasini yaratgan. MediaTek Helio G95 protsessorli bu smartfon tegishlicha 8/128 gigabaytlik tezkor/doimiy xotiraga ega. Uning uchtalik bosh kamera jamlanmasiga 64 megapiksellik asosiy sensor, yana har biri 8 MPlik bo‘lgan keng burchakli (ko‘rish burchagi 120 darajali) kamera hamda 5 karralik optik zumli modul kirgan.

Infinix Concept Phone 2021 sotuvga chiqarilmaydi, ammo ishlab chiqaruvchi unda qo‘llangan texnologiyalarni rivojlantirishi hamda kelajakda smartfonlariga joriy etishini aytmoqda.

O‘QING: Android-smartfon kamerasidan 100 foiz foydalanishning 10 ta usuli

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!