160 dollarlik Mi Play chiqdi – tomchisimon «kemtik»li ilk «xitoycha iPhone», Helio P35 chipli ilk smartfon! (+«jonli» video)

  •   DiMaX
  •  5639
  •  24.12.2018 16:05

160 dollarlik Mi Play chiqdi – tomchisimon «kemtik»li ilk «xitoycha iPhone», Helio P35 chipli ilk smartfon! (+«jonli» video)

Kutilganidek, bugun – 2018 yilning 24 dekabrida Xiaomi kompaniyasi Xitoyda yangi smartfoni – Mi Play’ni rasman namoyish etdi. Bu – kompaniyaning ekrani yarim doira shaklidagi kichik «o‘yiq»li ilk modelidir.

O‘QING: «JONLI» VIDEO: Hali namoyish qilinmagan Xiaomi Mi Play’ni ilk bor fokusda ko‘ramiz!

Xiaomi Mi Play diagonaliga 5.84 dyuymlik, tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatli ekran bilan jihozlangan. Tepa qismi o‘rtasida tomchisimon «kemtik»li displeyning tasvir aniqligi 2280x1080 pikselga teng (Full HD+ formatli). Korpusining o‘lchamlari Xiaomi’ning 5.15 dyuymlik ekranga ega Mi Note 3 modeliga teng keladi – 147,76x71,89x7,8 millimetr, vazni esa – 150 gramm.

Mi Play modelining «elektron yuragi» – 12 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan Helio P35 protsessoridir. MediaTek tomonidan taqdim etilgan mazkur yangi chipset 2.3 GGs.gacha takt chastotasida ishlovchi sakkizta Cortex-A53 yadrosini hamda IMG PowerVR GE8320 grafik chipini o‘z ichiga oladi. Qurilmada ikki karra tezlashtiruvchi CPU/GPU Turbo texnologiyasi tatbiq etilgan. AnTuTu benchmarkida bu chip Snapdragon 625 protsessoridan o‘zib ketgan, ammo o‘yinlarda raqibining qo‘li baland keladi.

Xiaomi ushbu smartfonini tezkor/doimiy xotirasi hajmiga ko‘ra faqat bir xil – 4/64 gigabaytlik konfiguratsiyada taqdim etgan. Unga yana 256 gigabaytgacha hajmli microSD-karta qo‘yish mumkin, faqat ikkinchi SIM-karta o‘rniga. Smartfon eng so‘nggi – MIUI 10 grafik qobig‘i ostidagi Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini bazasida ishlaydi va 4G VoLTE texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘QING: Xiaomi barcha Android-smartfonlar uchun Mint brauzerini taqdim etdi: tezkor, tejamkor, xavfsiz va reklamasiz!

Yoshlarbop Mi Play smartfonining bosh kamerasi qo‘shaloq bo‘lib, uning asosiy moduli 12 megapiksellik, ikkinchisi esa 2 megapiksellik sensordan iborat. Portret rejimida orqa fonni xiralashtirib (boke effekti bilan) suratga olish, HDR-rejim va elektron barqarorlashtirish kabi imkoniyatlar mavjud.

Selfi-kamera esa 8 megapiksellik yakka datchikka ega bo‘lsa-da, MIUI 10 tizimidagi dasturiy yechimlar orqali portret rejimida suratga olishga qodir. Shuningdek, garchi orqa qopqoqda barmoq izi skaneri ham mavjud bo‘lsa-da, Xiaomi dasturchilari mazkur model old kamerasiga yuz skaneri orqali qurilmani qulfdan chiqarish funksiyasini ham qo‘shishgan.

Xiaomi Mi Play orqa paneli Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasidan ishlangan, u moviy-binafsharang hamda qizil-tillarang tusli variantlarda juda yorqin jilo beradi, qora rangli korpus esa birmuncha jiddiyroq ko‘rinadi.

Ushbu telefon ikki diapazonli Wi-Fi 802.11 a/b/g/n adapteri, GPS + GLONASS datchigi hamda Bluetooth 4.2 moduli bilan jihozlangan, lekin NFC chipi yo‘q. Akkumulyatori 3000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lib, Micro-USB porti orqali quvvatlanadi, an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham mavjud.

O‘QING: Xiaomi eng arzon – Redmi Go smartfonini ro‘yxatdan o‘tkazdi!

Yaqinda biz Mi Play ijrosidagi fokus videosini e’lon qilgan edik, quyidagi lavhada ham uning ishlayotgan holatini «jonli» tarzda tomosha qilishingiz mumkin:

Xiaomi Mi Play uchun Xitoyda 1099 yuan miqdorida narx belgilangan, bu esa 160 AQSh dollariga teng. Shu narx ichiga bir yilgacha har oyda 10 GB internet-trafik ham kiritilgan, tabiiyki – faqatgina mahalliy bozor uchun. Umuman, bu modelning «Osmon osti saltanati»dan tashqarida rasmiy savdoga chiqarilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. «Xitoycha Apple» allaqachon jahon bozorida sotayotgan turli smartfonlarini esa 809 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda xarid qilish mumkin.

O‘QING: Mi 8 Pro ham Terashop.uz’ga yetib keldi, Xiaomi smartfonlari arzonlashdi (2018 yil 12 dekabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!