Android 10 tizimli ilk smart-soat namoyish etildi: 4/64 GB xotira va buriluvchi Sony kamerali!

  •   DiMaX
  •  1558
  •  22.09.2020 14:17

Android 10 tizimli ilk smart-soat namoyish etildi: 4/64 GB xotira va buriluvchi Sony kamerali!

Kospet kompaniyasi o‘zining yangi mahsuloti – Prime 2 rusumli aqlli soatini rasman namoyish qildi. Mazkur qurilma buriluvchi kamerasi, katta xotirasi va sig‘imdor akkumulyatori bilan betakrordir.

O‘QING: Apple eng arzon smart-soati – Watch SE modelini ham chiqardi!

Kospet Prime 2 korpusining yuqori qismiga Sony tomonidan ishlangan 13 megapiksellik tasvir datchigi joylangan. Mazkur kamera 90 darajaga burila oladi va nafaqat suratga olishda, balki selfi tushirishda, videoqo‘ng‘iroqda hamda qurilmani qiyofa orqali blokdan chiqarishda ham qo‘l keladi.

Aqlli soatning doirasimon ekrani diagonaliga 2,1 dyuymlik o‘lchamda, tasvir aniqligi esa 480x480 piksellik. Qurilmaning apparat ta’minoti asosida Mediatek Helio P22 protsessori yotadi. Kospet Prime 2 modeli anchayin salmoqli – 4 gigabaytlik tezkor va 64 gigabaytlik doimiy xotira bilan ham qulollangan.

O‘QING: Dunyodagi eng ommabop smart-soatlar (2020 yilning 1-yarmi)

Keramik gardishli ushbu smart-soat korpusining suv sachrashidan himoyalanganligi aytilmoqda. GPS, GLONASS, BeiDou, WiFi hamda Bluetooth 5.0 interfeyslariga ega, lekin NFC-chipi yo‘q.

Kospet Prime 2 modeli Android 10 operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlovchi dunyodagi ilk aqlli soatdir. Uning akkumulyatori 1600 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. Kompaniya bu mahsulotining narxini va qolgan texnik xususiyatlarini 27 sentyabrda batafsil oshkor etmoqchi.

O‘QING: 37 kun avtonom ishlovchi, retro-dizaynli Amazfit Neo smart-soati chiqdi