Android 11 bilan chiqayotgan dunyodagi uchinchi smartfon – Galaxy M turkumidagi arzon model!

  •   DiMaX
  •  992
  •  17.11.2020 12:08

Android 11 bilan chiqayotgan dunyodagi uchinchi smartfon – Galaxy M turkumidagi arzon model!

Samsung kelasi yilga rejalashtirgan naq yettita flagman haqida taniqli insayder Maks Veynbax (Max Weinbach) xabar bergan edi. Endi esa u kompaniyaning navbatdagi arzon smartfonidan ogoh etdi.

O‘QING: Galaxy S21 seriyasi haqidagi barcha asosiy ma’lumotlar ma’lum bo‘ldi!

Veynbaxning so‘zlariga ko‘ra, janubiy koreyalik korporatsiya Galaxy M seriyasidagi yana bitta telefonini tayyorlamoqda. Ushbu turkumning oldingi vakillari singari, u ham Hindistonda taqdim etilib, asosan shu mamlakat bozoriga mo‘ljallanadi. Lekin, an’anaga ko‘ra, «Fillar o‘lkasi»dan keyin uni boshqa yurtlarda ham sotuvga chiqarishsa kerak.

Arzon turkumdagi yangi smartfonning katalog raqami SM-F137G bo‘lib, bozorga qanday model sifatida taqdim etilishi hozircha aniq emas. Samsung uni sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 460 protsessori bilan ta’minlamoqda. Bu chipset 11 nanometrlik texnologik jarayonga asoslangan bo‘lib, samaradorligiga ko‘ra Snapdragon 665 bilan bellasha oladi.

Kutilayotgan arzon smartfonning e’tiborli jihati – u qadog‘idanoq eng so‘nggi – Android 11 operatsion tizimida ishlashidir. Aytish kerakki, Google’ning o‘zi chiqargan qurilmalar – Pixel 5 hamda Pixel 4a 5G’ni hisobga olmaganda, hozir umuman bozordagi faqat ikkitagina qurilma – OnePlus 8T hamda Vivo V20 modellarigina shunday xususiyati bilan maqtana oladi.

Kompaniya bu arzon smartfonini joriy yilning oxirida yoki kelasi yil boshida rasman namoyish etsa kerak. Android 11’gacha yangilanuvchi Samsung smartfon va planshetlarining to‘liq ro‘yxati bilan esa mana bu yerda tanishasiz.

O‘QING: Samsung O‘zbekiston: 30 noyabrgacha smartfon oling – poverbank sizga sovg‘a!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.