Android 9.0 Pie’gacha yangilanuvchi smartfonlar ro‘yxati e’lon qilindi

  •   DiMaX
  •  5008
  •  10.08.2018 11:47

Android 9.0 Pie’gacha yangilanuvchi smartfonlar ro‘yxati e’lon qilindi

Google kompaniyasi 6 avgust kuni o‘zining mobil operatsion tizimini yangi versiyada taqdim etganidan xabaringiz bor. Pixel, Pixel XL, Pixel 2, Pixel XL 2 shuningdek Essential Phone smartfonlari uchun ushbu talqingacha yangilanish imkoni o‘sha kuniyoq bor edi.

O‘QING: Google OS Android 9.0 ni chiqarmoqchi

Shundan so‘ng boshqa smartfonsozlar ham o‘zlarining ayrim modellarini to‘qqizinchi versiyadagi Android’gacha yangilashlarini ma’lum qila boshlashdi. Bunda afsonaviy brend tezkorlik ko‘rsatdi va barcha modellardagi smartfonlari uchun Android 9.0 Pie yetkazib berilishini ma’lum qildi.

8 avgust kuniyoq ikkita smartfon modeli uchun Android 9 Pie’ga asoslangan proshivka tarqatila boshladi. Bular – Nokia 7 Plus hamda Xiaomi Mi Mix 2S rusumli mobil telefonlardir.

Endi esa yana uchta kompaniya o‘zlarining ayrim smartfonlarini Android 9.0 Pie’gacha yangilashlarini e’lon qila boshlashdi. Ular hatto ushbu proshivkalarning tegishli rusumlardagi devayslarga tarqatilish muddatlarini ham aytishgan.

O‘QING: Nokia va Xiaomi’ning ikkita smartfoni allaqachon Android 9.0 Pie’gacha yangilandi. Navbatda qaysilari?

Xullasi kalom, uchinchi raqamli smartfonsoz – Huawei, yapon texnogiganti Sony hamda tez rivojlanib kelayotgan xitoylik – Vivo kompaniyalari o‘zlarining flagman modellari uchun Android 9 bazasidagi proshivkalarni chiqarishyapti.

Bayonotlarga ko‘ra, Huawei o‘zining Mate 10 Pro, P20, Honor 10 hamda Honor V10 rusumli smartfonlarini «pirogli» Android’ga asoslangan yangi proshivka bilan ta’minlaydi. Bugina emas – ushbu modellardagi qurilmalar egalari allaqachon yangi operatsion tizimning beta-versiyasini o‘rnatib olib, foydalanishlari mumkin.

Sony kompaniyasi esa yangi dasturiy ta’minotni Xperia XZ2, Xperia XZ2 Compact, Xperia XZ2 Premium, Xperia XZ1, Xperia XZ1 Compact hamda Xperia XZ Premium modellaridagi flagmanlari uchun Android 9.0 Pie asosidagi proshivka chiqarishini ma’lum qilgan.

Vivo esa ayni damda faqat bittagina smartfoni – Vivo X21 modeli uchungina Android 9.0 Pie asosida tayyorlangan proshivka chiqarishini ma’lum qilgan. Shu rusumli smartfon egalari yangi dasturiy ta’minotni joriy yilning to‘rtinchi choragida o‘rnatib olishlari mumkin bo‘ladi. Sony hamda Huawei esa, yuqorida sanab o‘tilgan modellardagi gadjetlari uchun yangi talqindagi operatsion tizimga asoslangan proshivkalarni shu yilning noyabri oxirigacha taqdim etishmoqchi.

Darvoqe, Android 9.0 Pie talqinida smartfon egalariga ma’qul kelmaydigan bir xususiyat borligi aniqlangan...

O‘QING: Android 9 Pie’ga o‘tmoqchimisiz? Yodda tuting: orqaga yo‘l yo‘q!