AQShga bormoqchimisiz? Barcha akkauntlaringizni «ortiqcha» gaplardan tozalang!

  •   DiMaX
  •  1300
  •  03.06.2019 16:42

AQShga bormoqchimisiz? Barcha akkauntlaringizni «ortiqcha» gaplardan tozalang!

Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti dunyoning turli mamlakatlari fuqarolari uchun viza berish qoidalariga o‘zgartirish kiritdi. Endi AQSh hududiga kirish uchun ariza berganda kishilar ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari haqida keyingi besh yilga tegishli ma’lumotlarni ham taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

O‘QING: Akkauntingizni buzib kirishdan saqlash usullari

Aytish kerakki, avval ham shu talab bo‘lgan, ammo u butunlay yoki qisman terrorchilar tomonidan nazorat qilinayotgan hududlarga borgan shaxslar uchungina qo‘llangan edi. Endi esa ushbu nazorat turi boshqa AQShga kirishni xohlovchilar uchun ham tatbiq etiladigan bo‘ldi.

AQSh Davlat departamentining ushbu yangi qoidani kiritishdan maqsadi – mamlakatga kirayotgan shaxslarning u yoki bu yo‘l orqali terrorchilar bilan aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularning kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

O‘QING: Terroristlar qaysi messenjerlardan ko‘p foydalanishi aytildi

Viza olishning yangi qoidalariga ko‘ra, arizachi o‘z elektron posta manzilini, telefon raqamini, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari manzillarini taqdim etishi lozim. Faqat ayrim diplomatlar va mansabdor shaxslargina akkauntlar tekshiruviga jalb etilmasligi mumkin.

Shuningdek, konsullikda sizdan messenjerlardagi va tarmoqlardagi shaxsiy yozishmalaringizni, maxfiylik sozlamalari orqali ommaviy ko‘rinmaydigan qilib qo‘yilgan boshqa ma’lumotlaringizni, masalan – shaxsiy fotosuratlaringizni ham ko‘rsatishingizni so‘rashlari mumkin.

Agarda so‘ralgan ma’lumotlar taqdim etilmasa, yoki ular vizaga talabgor shaxsning terrorchilikka aloqadorligi haqida shubha uyg‘otsa, bunday kishilarga AQSh vizasi berilmaydi. Shunday ekan, agarda ushbu okean orti mamlakatiga borish uchun viza olmoqchi bo‘lsangiz, qachonlardir Facebook’da AQSh yoki terrorchilik haqida shunchaki kimgadir hazillashib yozganingiz ham siz uchun to‘siq bo‘lishi mumkinligini yodda tuting.

O‘QING: Facebook tasmamizdan keraksiz post va layklarni o‘chiramiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.