Atigi 230 dollarlik Vivo Z3 – kompaniyaning ilk o‘yinbop smartfoni taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  824
  •  18.10.2018 15:15

Atigi 230 dollarlik Vivo Z3 – kompaniyaning ilk o‘yinbop smartfoni taqdim etildi

Bugungi kunda ayrim smartfonsozlar aynan geymerlarga atalgan – o‘yinlar o‘ynashga mo‘ljallangan telefonlar ham ishlab chiqarishmoqda. Buni aslida o‘yin qurilmalari ishlab chiqaruvchi Razer kompaniyasi o‘tgan yili boshlagan bo‘lib, yaqinda u ikkinchi geymerofonini ham namoyish qilgan.

O‘QING: Ilk o‘yinbop smartfonning ikkinchi avlodi – Razer Phone 2 taqdim etildi

Smartfonning daktiloskop sensorini ilk bora displeyga joylay olgan Vivo kompaniyasi ham o‘zining birinchi o‘yinbop smartfonini namoyish etdi. Vivo Z3 rusumli ushbu qurilma minimal romli, tomchisimon «tirqish»li displey dizaynida ishlangan.

Vivo Z3 modeliga diagonali 6,3 dyuymlik, tasvir sifati Full HD+ formatli displey o‘rnatilgan. Tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatli ekran esa, romlarining o‘ta yupqaligi evaziga korpus old yuzasining 90,3 foiz maydonini egallagan.

Qizig‘i shundaki, mazkur geymerofonning ikkita versiyasi o‘zaro nafaqat xotira hajmi, balki protsessori bilan ham farq qiladi. Ulardan biriga sakkiz yadroli Snapdragon 670 protsessori va 4 gigabaytlik tezkor xotira o‘rnatilgan bo‘lsa, ikkinchisida Snapdragon 710 chipi hamda 6 gigabaytlik «operativka» bor. Afsuski, ularga hatto ayni damdagi eng kuchli Snapdragon 845 protsessori ham o‘rnatilmagan, holbuki, tez orada mutlaqo yangi – Snapdragon 855 (yangi nomi – Snapdragon 8150) chipli smartfonlar taqdim etiladigan bo‘lib turibdi.

O‘QING: Snapdragon 855 (Snapdragon 8150) protsessorli ilk smartfon Xiaomi Mi Mix 3 bo‘lib, u 5G tarmog‘ida ishlashini aytishmoqda!

Vivo Z3 – ushbu smartfonsozning o‘yinlarda samaradorlikni oshiruvchi Dual-Turbo texnologiyasiga ega ilk modelidir. Dual-Turbo o‘yinlarning yuklanish tezligini oshiradi va tizim resurslarini optimallashtirish evaziga smartfon samaradorligini ham yuksaltiradi.

O‘yin mobaynida xalaqit bermasligi uchun Vivo Z3 sozlamalarida kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni hamda bildirishnomalarni cheklash funksiyasi mavjud. Shuningdek, unda xuddi geympadlardagidek, ekranda bo‘layotgan voqealarga mos tarzda smartfonning o‘zi titrashi kabi funksiyalarni ham faollashtirib qo‘yish mumkin.

Vivo Z3 akkumulyatorining tok sig‘imi 3315 mA/soatni tashkil etadi, barmoq izi skaneri orqa panelida joylashgan. U Android 8.1 Oreo asosida ishlab chiqilgan FunTouch OS 4.5 proshivkasiga ega.

Smartfonning 12 megapiksellik old kamerasi «sun’iy idrok»li bo‘lib, kadrdagi manzarani mashina ta’limi asosida tahlil qilish va olinadigan suratlarni yaxshilash qobiliyatiga ega. Shuningdek, egasini qiyofasidan tanish orqali smartfon qulfini ochishni ham biladi. Vivo Z3 asosiy kamerasi esa 16 va 2 megapikselli ikkita datchikni o‘z ichiga olgan. U ham «sun’iy ong» texnologiyalari bilan boyitilgan va portret rejimini qo‘llab-quvvatlaydi.

«Osmon osti saltanati»da allaqachon Vivo Z3 geymerofoni sotuvga chiqarilgan. Protsessori va tezkor+ichki xotira hajmidan kelib chiqib, uni uch xil konfiguratsiyada taklif etishmoqda:

  • Snapdragon 670 protsessori va 4+64 GB xotirali – 230 dollar;
  • Snapdragon 710 protsessori va 6+64 GB xotirali – 275 dollar;
  • Snapdragon 710 protsessori va 6+128 GB xotirali – 310 dollar.

O‘QING: Vivo NEX kamerasining joni qattiq ekan. Balet raqqosasining sakrashini ham ko‘tardi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!