«Beli baquvvat» Realme smartfoni Qualcomm-versiyada, MediaTek chiplisidan ham arzon chiqdi!
Oppo kompaniyasiga qarashli Realme subbrendi iyulning oxirida 6000 mA/soatlik batareyaga ega bo‘lgan ilk smartfonini namoyish etgan edi. 12 nanometrlik MediaTek Helio G35 protsessori bazasida tayyorlangan, Realme C15 rusumli mazkur qurilma akkumulyatori 18 vattlik tezkor quvvatlana oladi.
Realme endi Hindistonda ushbu smartfonning yangi versiyasi – Realme C15 Qualcomm Edition modelini taqdim qildi. Nomidan anglashilib turganidek, unda amerikalik chipsozning protsessori qo‘llangan; aniqrog‘i – Snapdragon 460 protsessori.
Smartfonning boshqa texnik xususiyatlari o‘sha original modelnikidan farq qilmaydi va ular bilan mana bu xabarimizda tanishish mumkin.
Lekin eng qiziq va yoqimli jihati – yanada tezkorroq protsessor bazasiga qurilgan bo‘lsa-da, Realme C15 Qualcomm Edition smartfoni o‘zining oddiy – MediaTek chipli versiyasidan arzon narxga ega! Hindistonda uning tezkor/ichki xotirasi 3/32 gigabaytlik varianti taxminan 130 AQSh dollariga teng narxda sotilmoqda; 4/64 gigabaytligi esa 148 dollarga baholangan.
Eslatib o‘tamiz, oddiy – MediaTek protsessorli Realme C15 smartfoni Indoneziyada 137 AQSh dollariga teng narxda sotila boshlagan. Hindistonda esa uning 3/32 gigabaytligi uchun taxminan 135 dollarga teng narx belgilangan.
O‘QING: Atigi 148 dollardan boshlanuvchi 5G-smartfonlar – Realme Q2, Q2 Pro hamda Q2i chiqdi!