Bill Geyts qovun tushirdi: qaysi mobil operatsion tizimni yaxshi ko‘rishini boshqa tizimli qurilmasida aytdi!

  •   DiMaX
  •  1876
  •  27.02.2021 13:46

Bill Geyts qovun tushirdi: qaysi mobil operatsion tizimni yaxshi ko‘rishini boshqa tizimli qurilmasida aytdi!

Taniqli bloger Markus Braunli (Marques Brownlee) o‘tgan yili Mark Sukerberg bilan intervyu uyushtirgan edi. Facebook asoschisi bu suhbatda o‘zining qaysi kompaniya smartfonlari ishqibozi ekanini va qaysi operasion tizimni ma’qul ko‘rishini ham aniq aytgan.

O‘QING: Apple bosh aksioneri ham, nihoyat, Samsung tugmachali telefonini tashlab iPhone oldi, lekin...

Endi esa texnologiyalar olamining yetakchilaridan hamda dunyoning eng badavlat insonlaridan biri bo‘lgan Bill Geyts ham bu borada o‘z fikrini bildirdi. CNBC jurnalisti Endryu Sorkinga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Microsoft muassisi va sobiq rahbari Android operatsion tizimidagi smartfonlarni ko‘proq yaxshi ko‘rar ekan.

Milliarderning fikricha, bu gadjetlar dasturiy ta’minot hamda operatsion tizimning o‘zi bo‘yicha ancha moslashuvchan. Buning ustiga, ko‘plab Android-smartfon ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlariga boshidanoq Microsoft servislarini o‘rnatib taqdim etishadi, ular esa foydalanuvchilarga o‘ta qulay, deydi Geyts.

Endi gapning eng qiziq joyiga quloq tuting: ushbu intervyu yangi trendga aylanib borayotgan Clubhouse ijtimoiy tarmog‘ida bo‘lib o‘tgan, u esa rasman faqatgina iPhone’lardagina ishlaydi. To‘g‘ri, tarmoqning Android-qurilmalarga mo‘ljallangan norasmiy ilovasi ham chiqqan, lekin kimsan Bill Geyts bunaqa ishonchsiz ilova ishlatmasa kerak. Xullasi kalom, sayyoramizning eng boy kishilaridan biri o‘zining iOS tizimli gadjetidan kirib, Android tizimini maqtagan!

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Ilon Mask o‘zining Twitter tarmog‘idagi akkauntida Vladimir Putinga murojaat etib, Clubhouse ijtimoiy tarmog‘ida muloqotga chaqirgan edi. Keyin esa biz mazkur tarmoq haqidagi batafsil maqolani e’lon qilganmiz.

O‘QING: RASMIY BAYoNOT: Telegram asoschisi Clubhouse’da bormi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!