COVID-19 yuqtirganlarga «josus» ilovali smartfonlar berishadi!

  •   DiMaX
  •  868
  •  01.04.2020 17:37

COVID-19 yuqtirganlarga «josus» ilovali smartfonlar berishadi!

O‘zbekistonda koronavirus tufayli karantinda nazoratda bo‘lgan fuqarolarning smartfonlari olib qo‘yilishi sabablarini e’lon qilganmiz. Rossiyada esa boshqacharoq amaliyot qo‘llanmoqda.

O‘QING: Telegram’da koronavirus haqida yolg‘on tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Avvalo, bir jihatga e’tibor qaratsak: bizdagi tartibdan farqli ravishda, Rossiyada koronavirus yuqtirganligi aniqlangan, ammo ahvoli og‘ir bo‘lmagan kishilarning o‘z uylarida davolanishlariga ruxsat beriladi. Xabarlarga ko‘ra, Moskvada bunday bemorlarga o‘z smartfonlariga «Ijtimoiy monitoring» nomli maxsus treker ilovani o‘rnatib olish tavsiya etiladi. Buning imkoni bo‘lmasa, ularga ushbu dastur o‘rnatilgan smartfonlar beriladi va shuning yordamida ularning qayerlarga borishlari nazorat qilib turiladi.

Moskva ma’muriyatining Axborot texnologiyalari departamenti rahbari Eduard Lisenko bu haqda «Exo Moskvi» radiosiga bergan intervyusida efirda aytib o‘tgan, deb yozadi RBK. Mazkur chora Moskvada karantin bekor qilinguniga qadar amal qiladi, keyin smartfonlar qaytarib olinadi. Shuningdek, bemorlarga taqdim etiladigan gadjetlarning qaysi rusumdagi telefonlar bo‘lishi aytilmagan.

O‘QING: Mobil ilovali tezkor koronavirus testi yaratildi

«Ijtimoiy monitoring» ilovasi App Store hamda Google Play kataloglariga 2 apreldan chiqishi kerak, degan Lisenko. Uning Android-versiyasi allaqachon taqdim etilgandi, ammo foydalanuvchilar uni o‘ta past baholashgan, natijada hozirda ilovalar do‘konidan uni yuklab olish imkonini to‘xtatib qo‘yishgan.

Ushbu dasturning ko‘pchilikka yoqmagan jihati – u foydalanuvchiga bildirmasdan, uning juda ko‘p ma’lumotlarini to‘plar ekan. ishga tushirishdan avval u smartfon orqali deyarli barcha ma’lumotlarni olishga ruxsat so‘raydi – joylashuv, kamera, qo‘ng‘iroqlar, fayllar tizimi, Bluetooth, Wi-Fi...

Bular ham kamlik qilgandek, «Ijtimoiy monitoring» akkumulyator quvvatini juda ko‘p sarflaydi, yana egasidan so‘ramasdan qurilmani uyqu rejimidan chiqaradi. Ayrimlarning fikricha, shu jihatlari sababli u App Store tekshiruvidan o‘ta olmasa ham kerak.

O‘QING: Ushbu 17 ta ilovani smartfoningizdan hoziroq o‘chirishingiz kerak!