Dunyo smartfon bozorining 70 foizi shu beshtagina kompaniyaga tegishli!

  •   DiMaX
  •  1093
  •  08.06.2021 15:43

Dunyo smartfon bozorining 70 foizi shu beshtagina kompaniyaga tegishli!

Yaqinda biz Counterpoint tadqiqot firmasiga ko‘ra joriy yilning 1-kvartalida dunyo smartfon bozori reytingini taqdim etgan edik. Unda har ikkala – eng ko‘p sotilgan va eng ko‘p daromad keltirgan smartfonlar ro‘yxatlarida ham ilk to‘rtta o‘rin bitta kompaniyaniki bo‘lib chiqqan.

O‘QING: Ommabop smartfonlar top o‘ntaligi (22-hafta)

Endi esa Gartner tahlil kompaniyasi joriy yilning ilk choragi holatiga ko‘ra jahon smartfon bozori haqida hisobotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2020 yilning birinchi kvartaliga nisbatan bu yil mazkur bozor deyarli 26 foizga o‘sgan. Hisobot davrida butun dunyoda 378 millionta aqlli telefon sotilgan; bir yil avval esa mazkur ko‘rsatkich 300 millionni tashkil etgan edi.

Eng ko‘p smartfon sotgan kompaniya avvalgidek Samsung bo‘lib turibdi – u savdo hajmini 55,333 million donadan 76,661 million donaga yetkazgan. Bu bilan uning bozordagi ulushi ham 18,4 foizdan 20,3 foizga yetgan.

Ikkinchi o‘rinni Apple zabt etgan – bultur 1-kvartalda u 40,920 millionta ayfon sotgan bo‘lsa, 2021 yilning ilk choragida 58,551 millionta sotishga erishgan. Natijada kompaniyaning bozordagi hissasi 15,5 foizga yetgan (bir yil avval 13,6% bo‘lgan edi).

 

Kuchli uchlikni Xiaomi kompaniyasi yakunlagan – uning choraklik sotuvlari bir yilda 29,678 million donadan 48,939 milliontaga yetgan. Uning smartfon bozordagi ulushi o‘tgan yilning ilk kvartalida 9,9% edi, bu yil esa 12,9 foizni tashkil etgan.

Yetakchilar safiga Vivo hamda Oppo ham kirgan – ularning har biriga smartfon bozorining 10,2 foizi qarashli. Bir yil oldin esa ularning ulushlari tegishlicha 7,4% va 8,0% bo‘lgan.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, shu beshtasidan boshqa barcha smartfonsozlarning bozordagi hissasi 30,9 foizni tashkil etmoqda. 2020 yilning birinchi kvartalida ularning ulushi 42,6% bo‘lgan.

O‘QING: Turli narx toifalaridagi eng zo‘r smartfonlar – beshta reytingda! (AnTuTu, 2021 yil may)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.