Galaxy S20, S20+ va S20 Ultra taqdim qilindi – narx va jihatlari

  •   DiMaX
  •  32322
  •  12.02.2020 16:27

Galaxy S20, S20+ va S20 Ultra taqdim qilindi – narx va jihatlari

Samsung kompaniyasining San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tgan Galaxy Unpacked 2020 ko‘rgazmasi Galaxy Z Flip taqdimoti bilan boshlangani, yana Galaxy Buds+ quloqchini namoyish etilgani haqida yozgandik. Biroq mazkur marosimning asosiy qahramonlari – Galaxy S20 turkumidagi flagmanlar bo‘ldi.

O‘QING: Bu smartfondan olsangiz, smart-soat, simsiz quloqchin va g‘ilof ham qo‘shib berishadi! (+video)

Yangi taqdim etilgan Galaxy S20, Galaxy S20 Plus hamda Galaxy S20 Ultra flagmanlarining taqdimoti ularning kamera imkoniyatlari namoyishidan boshlandi. Shunaqa qilmasayam bo‘lmasdi-da: axir, Samsung’ning flagman seriyasida ilk bor 12 megapiksellikdan yuqori kamerali modellar bu! Demak, Galaxy S20 hamda Galaxy S20+ bosh kameralarida asosiy modul 64 MPlik bo‘lsa, Galaxy S20 Ultra asosiy datchigi naq 108 megapiksellik.

Flagmanlar kameralarining batafsil tavsifi quyidagicha:

Galaxy S20 modelida:

10 MP, ob’yektiv diafragmasi F/2,2, ko‘rish burchagi 80˚, avtofokus (old kamera);

12 MP, ob’yektiv diafragmasi F/2,2, ko‘rish burchagi 120˚;

12 MP, ob’yektiv diafragmasi F/1,8, ko‘rish burchagi 79˚, optik barqarorlashtirish;

64 MP, teleob’yektiv diafragmasi F/2,0, ko‘rish burchagi 76˚, optik barqarorlashtirish;

Galaxy S20+ modelida:

10 MP, ob’yektiv diafragmasi F/2,2, ko‘rish burchagi 80˚, avtofokus (old kamera);

12 MP, ob’yektiv diafragmasi F/2,2, ko‘rish burchagi 120˚;

12 MP, ob’yektiv diafragmasi F/1,8, ko‘rish burchagi 79˚, optik barqarorlashtirish;

64 MP, teleob’yektiv diafragmasi F/2,0, ko‘rish burchagi 76˚, optik barqarorlashtirish;

3D ToF kamera moduli

Galaxy S20 Ultra modelida:

 

40 MP, ob’yektiv diafragmasi F/2,2, ko‘rish burchagi 80˚, avtofokus (old kamera);

12 MP, ob’yektiv diafragmasi F/2,2, ko‘rish burchagi 120˚;

108 MP, ob’yektiv diafragmasi F/1,8, ko‘rish burchagi 79˚, optik barqarorlashtirish;

48 MP, teleob’yektiv diafragmasi F/3,5˚, optik barqarorlashtirish;

3D ToF kamera moduli.

Flagmanlarning eng kattasi – Galaxy S20 Ultra modelida 108 megapiksellik rejimdan 12 megapiksellikka dinamik o‘tish ham ko‘zda tutilgan. Bunda to‘qqizta piksel bittasiga birlashtiriladi va shu tariqa yorug‘likni qamrab olish ko‘lami kengayib, yakuniy surat sifati yaxshilanadi.

Galaxy S20 hamda Galaxy S20+ modellarida 30 karralik gibrid zum mavjud bo‘lsa, Galaxy S20 Ultra modelining kamerasida zum naq 100 karralik! Bunda sun’iy ong algoritmlarini qo‘llash evaziga sifat yo‘qolmasligi va’da qilinmoqda. Uchala flagmanning kamerasi ham maksimal 8K formatida video yozib olishga qodir.

Kutilganidek, uchala flagman ham Infinity-O turidagi – yuqori qismining o‘rtasida kamera uchun joy o‘yilgan displeyga ega. Samsung bu ekranlarni rasman Quad HD+ Dynamic AMOLED 2X deb atagan; uchalasi ham HDR10+ sertifikatiga ega bo‘lib, 120 gerslik chastotada kadr yangilanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Galaxy S20 ekrani – 6,2 dyuymlik, Galaxy S20+ ekrani – 6,7 dyuymlik, Galaxy S20 Ultra ekrani – 6,9 dyuymlik. Uchta modelda ham ultratovushli barmoq izi skaneri displeyning o‘ziga joriy etilgan.

Galaxy S20 turkumida apparat platforma asosini, sotilish hududiga qarab, Qualcomm Snapdragon 865 yoki Exynos 990 protsessori tashkil etadi. Tezkor xotirasi yangicha – LPDDR5 turiga mansub bo‘lib, Galaxy S20 va Galaxy S20+ modellarida – 8/12 gigabaytlik; Galaxy S20 Ultra modelida esa – 12/16 gigabaytlik. Doimiy xotira hajmiga kelsak, har uchala flagman 128 va 512 gigabaytlik variantlarda bo‘lib, yana 1 terabaytgacha hajmli microSD-karta yordamida xotirani kengaytirish mumkin.

Akkumulyatorlarining tok sig‘imlariga kelsak, Galaxy S20 modelida 4000 mA/soatlik, Galaxy S20+ modelida 4500 mA/soatlik, Galaxy S20 Ultra modelida esa 5000 mA/soatlik. Har uchalasi tezkor va simsiz zaryadlash funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, simsiz usulda boshqa devayslarga quvvat uzatishga ham qodir.

O‘QING: Samsung naq 64 MPlik kvadrokamera va 6000 mA/soatlik batareyaga ega arzon «megamonstr» taqdimot kunini e’lon qildi

Galaxy S20’larning uchalasi ham LTE Cat.20 standartida ishlaydi (Samsung har bir modelning 5G versiyasini ham chiqarishga va’da bergan), Wi-Fi 802.11 ax, Bluetooth 5.0, NFC interfeyslariga va USB-C portiga, shuningdek, AKG stereodinamiklariga ega. Ular One UI 2.0 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 operatsion tizim talqini bilan ta’minlangan.

Korpusining o‘lchami va vazni borasida: Galaxy S20 – 151,7x69,1x7,9 mm va 163 gramm; Galaxy S20+ – 161,9x73,7x7,8 mm va 186 gramm; Galaxy S20 Ultra – 166,9x76x8,8 mm va 220 gramm.

Eng asosiysi – narxiga kelsak, Galaxy S20 modeli 1000 dollardan boshlanuvchi narxlarda, ko‘k, pushti va kul rang korpuslarda taklif etiladi. Galaxy S20+ esa qora, ko‘k va kul rang tusli korpuslarda, kamida 1200 dollardan sotiladi. Galaxy S20 Ultra narxi 1400 dollardan boshlanib, uni faqat qora va kul rang korpuslarda olish mumkin bo‘ladi. Ularning har uchalasi 13 martdan savdoga chiqadi.

O‘QING: Bu smartfondan olsangiz, smart-soat, simsiz quloqchin va g‘ilof ham qo‘shib berishadi! (+video)