«Gruppaga odam qo‘sh va pul ishla»: internet-firibgarlarning yangi turidan saqlaning!

  •   DiMaX
  •  2614
  •  09.12.2019 10:35

«Gruppaga odam qo‘sh va pul ishla»: internet-firibgarlarning yangi turidan saqlaning!

Hozirgi paytda internet-firibgarlar urchib ketgan va ularning hiylalari haqida bir necha xabarlar chiqarganmiz. Taniqli bloger Nurbek Alimov shunday nayrangbozlarning yangi bir sxemasi haqida ma’lumot bergan.

O‘QING: Internet-firibgarlar «oshiq» o‘smirlarni «ilintira» boshlashdi

Xullas, hozir Telegram va boshqa messenjerlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p uchrayotgan «Gruppaga odam qo‘sh va pul ishla» degan sxema bor, ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. Aslida bu – g‘irt firibgarlar tomonidan ishlatiladigan yengil sxema.

Siz gruppaga odam qo‘shasiz va biroz o‘tib sizga «Gruppa Admin» degan hiylagar yozadi. «Siz gruppaga odam qo‘shganingiz uchun falon summa yutib oldingiz, karta raqamingizni yuboring», deydi. Karta raqamidan keyin kartangizning amal qilish muddatini ham so‘raydi (eng qizig‘i – pul o‘tkazish uchun bu muddat mutlaqo kerak emas!), undan keyin esa sizdan telefoningizga kelgan kodni so‘raydi. Agar mana shu kodni ham bersangiz – tamom, hisobingizda bor pullar bilan ham xayrlashavering!

Yuqoridagi rasmda real vaziyat aks etgan, firibgarning gapini qarang: «innovatsion yangi loyiha» emish! Bu ukamiz birpasda karta raqamini tashlab bergani ham kulgili.

O‘QING: Firibgarlar qarmog‘i. Plastik kartadagi pullaringiz joyidami?

Nima qilish kerak?

Agarda sizga ham shunday xat kelsa, birinchi navbatda xatni yozgan odamning profiliga kiring, rasmlari bo‘lsa saqlab oling, telefon raqami chiqsa (bunday bo‘lishi ehtimoldan ancha yiroq) saqlab oling, nikneymini ham.

Keyin, javob yozishdan oldin, «Qanday tanlovda qatnashgan edim o‘zi?» deb o‘ylang. «Odam qo‘sh va pulli bo‘l» kabi loyihalar mutlaqo hiyla. FIRIBGAR! Hech qachon karta raqamingizni ham, amal qilish muddatini ham, va ayniqsa, kartangizga ulangan telefon raqamiga keladigan kodni birovga bermang!

Bundan tashqari, «Men faloncha pul topdim, siz ham shunday boy bo‘lishni xohlaysizmi?» deb boshlangan har qanday reklama va videolar bu – firibgarlikdir. Hech kim o‘zining gullab-yashnayotgan biznesini birov bilan bo‘lishmaydi. Ahmoq bo‘lmang!

«Buni bilaman men», deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin bilmaganlar ko‘pligi va shu hiylagarlar odamlarning pullarini haqiqatda o‘g‘irlashayotgani bois ham ko‘payib ketishdi bular. Demak – modomiki laqmalar bor ekan, tegishlicha uni shiluvchi firibgar ham topiladi. Bu narsada banklarning aslo aybi yo‘q. Hamma ayb sizning o‘zingizda bo‘ladi.

Bunday jirkanch insonlarning joyi esa albatta qamoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar shularga nisbatan yanada kuchli kurash olib borishadi, degan umiddamiz. Ammo siz ham ziyrak bo‘ling, do‘stim. «O‘z pulingni o‘zing asra!»

Bu ma’lumotni do‘stlaringiz va yaqinlaringizga ham ulashing, ayniqsa yoshi katta insonlarga, deydi bloger.

O‘QING: Beeline abonentlarga firibgarlardan yetkazilgan zararni qoplaydi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!