Hali taqdim etilmagan Nokia 8.1 sirlariyu suratlari fosh bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  817
  •  29.11.2018 10:37

Hali taqdim etilmagan Nokia 8.1 sirlariyu suratlari fosh bo‘ldi

HMD Global kompaniyasi dekabrning boshida uchta smartfonini namoyish etishini yaqinda e’lon qilgandi. Bular Nokia 8.1, Nokia 7.1 Plus hamda Nokia 2.1 Plus modellari bo‘lishi kutilmoqda.

O‘QING: Dubay, 5 dekabr: Nokia biryo‘la uchta smartfon taqdim etadi!

Xabar berganimizdek, bular orasida Nokia 8.1 smartfoni avvalroq Xitoyda taqdim etilgan Nokia X7 modelining xalqaro versiyasi bo‘lishi taxmin qilingandi. Manbalar kechagina e’lon qilgan reklama suratlari ham buni to‘liq tasdiqladi. Ularda tasvirlangan qurilma dizayni hamda tavsiflangan texnik xususiyatlari Nokia X7’niki bilan bir xil.

Nokia 8.1 modelining kodli nomi – Phoenix; uning diagonali 6,18 dyuymlik ekrani 2246x1080 piksellik tasvir aniqligiga ega. Smartfon o‘rta toifadagi Qualcomm Snapdragon 710 chipiga ega bo‘lib, Android 9.0 Pie tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Muhim jihatlaridan biri – ushbu model Android One dasturiga kiradi.

O‘QING: Barcha Nokia smartfonlari egalari uchun ajoyib syurpriz bor!

Ushbu smartfonning 3400 mA/soatlik akkumulyatoriga 18 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy etilgan.

Korpusining orqa paneli o‘rta qismida 12 va 13 megpikselli datchiklarni o‘z ichiga olgan bosh kamera tikka joylashgan. Uning chap tomoniga fotochaqnoq, ostiga esa barmoq izi skaneri o‘rnatilgan. Selfi-kamera esa 20 megapiksellik yakka sensordan iborat bo‘lib, displeyning yuqori qismidagi «kemtik»dan o‘rin olgan.

Nokia 8.1 uch xil – qizil, tillarang va moviy tusli korpuslarda taqdim etilishi kutilmoqda. Uning standart versiyasida tezkor va doimiy xotira hajmi tegishlicha 4 va 64 gigabaytni tashkil etadi. Shuningdek, uning tegishlicha 6 va 128 gigabaytlik qimmatroq varianti ham chiqariladi.

5 dekabrda Dubayda taqdim etiladigan bu smartfonlarning narxlari hozircha noma’lum. Ushbu brendning ayrim mobil qurilmalari esa Terashop.uz internet-do‘konimizdan onlayn usulda sotib olish imkoni bor.

O‘QING: Atigi 24 dollarlik, ammo quvvati naq uch haftaga yetuvchi Nokia 106 taqdim etildi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!