Hamyonbop kamerofon – Vivo V20 SE namoyish qilindi

  •   DiMaX
  •  6231
  •  25.09.2020 09:45

Hamyonbop kamerofon – Vivo V20 SE namoyish qilindi

Samsung kompaniyasi yangi – Galaxy F nomli arzon kamerofonlar turkumiga asos solganligi haqida yozgan edik. Mazkur seriyaning ilk vakili – Galaxy F41 modeli esa oktyabrning boshida chiqadi.

O‘QING: Samsung taqdim etmasidanoq Galaxy F41 arzon kamerofonining rasm va xususiyatlarini Google sotib qo‘ydi

Bu orada esa Xitoy kompaniyalari uni dog‘da qoldirishdi: Vivo allaqachon o‘rta narx toifasiga mansub kamerofonini taqdim etdi. Vivo V20 SE rusumli bu smartfon namoyishi Malayziyada bo‘lib o‘tdi.

Vivo V20 SE kamerofoni diagonaliga 6,44 dyuymlik AMOLED-ekranga ega, uning tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida (2400x1080 piksellik). Displeyning o‘ziga daktiloskop ham integratsiya qilingan, uning tomchisimon kemtigida esa 32 megapiksellik old kamera mavjud. Smartfonning bosh kamerasi bo‘lsa to‘rtburchak blokdagi 48 + 8 + 2 megapiksellik sensorlarni hamda fotochaqnoqni o‘z ichiga oladi.

O‘QING: O‘z egasini rozi qilgan TOP-10 smartfon (AnTuTu reytingi, 2020 yil avgust)

Yangi kamerofonning apparat ta’minoti asosini Qualcomm Snapdragon 665 protsessori tashkil etadi. Vivo V20 SE tezkor/doimiy xotirasi esa tegishlicha 8/128 gigabaytlik hajmga ega. Kompaniya uni 33 vattlik tezkor quvvat oluvchi 4100 mA/soatlik akkumulyator bilan jihozlagan.

Vivo V20 SE korpusining o‘lchamlari 161x74x7,83 millimetrga teng, vazni esa 171 gramm tosh bosadi. Unda zamonaviy USB Type-C porti bilan birga standart – 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham saqlanib qolgan. Simsiz interfeyslardan esa 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 5, GPS hamda GLONASS, shuningdek FM-radio mavjud.

Kompaniya mazkur mahsulotini Android 10 operatsion tizimi ustiga qurilgan Funtouch OS 11 grafik qobig‘i bilan ta’minlagan. Vivo V20 SE ko‘k va qora tusli korpuslarda, 237 AQSh dollariga teng narxda sotilmoqda.

O‘QING: Huawei’ga qarshi sanksiyalar sababli Xiaomi, Oppo va Vivo qanday foyda ko‘rayotganini bilasizmi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!