Hayratga loyiq xaker: FBR eplay olmagan Apple serverlarini maktab o‘quvchisi buzib kirdi!

  •   DiMaX
  •  2614
  •  17.08.2018 18:02

Hayratga loyiq xaker: FBR eplay olmagan Apple serverlarini maktab o‘quvchisi buzib kirdi!

Apple korporatsiyasi keyingi bir yil mobaynida o‘z serverlariga bir necha bor xakerlik hujumlarini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirgan shaxsni aniqladi. Buni qarangki, u Avstraliyaning Melburn shahrida yashaydigan o‘smir – maktab o‘quvchisi bo‘lib chiqdi!

O‘QING: O‘zbekistonlik «xaker»lar bankomatni 15 daqiqada «buzib», xalqaro tanlovda uchinchi bo‘lishdi

Umuman olganda, Apple o‘z mahsulotlarining o‘ta mustahkam himoyaga ega ekanligi, foydalanuvchilarning ma’lumotlarini davlat xizmatlariga sotmasligi bilan haqli ravishda faxrlanib keladi. Hatto 2015 yilning dekabr oyida AQShning San-Bernardino shaharchasida hujum uyushtirgan Sayed Faruq ismli terrorchining iPhone qurilmasini blokirovkadan chiqarish va smartfon tizimiga kirish uchun Federal qidiruv byurosi yordam so‘raganida, kupertinolik gigant rad etgan.

Bu gal esa, Apple’ning o‘zi xakerni ushlashda yordam so‘rab, mazkur idoraga murojaat qildi, deb yozadi TheAge nashri. FQB (FBR – FBI) bu masalada hamkorlik qilish uchun Avstraliya politsiyasi bilan bog‘langan.

Maxsus reydda qo‘lga olingan xaker o‘smir chindan ham Apple serverlariga bir necha bor kirgan, u yerdan 90 gigabayt hajmidagi himoyalangan fayllarni ko‘chirib olgan ekan. Shuningdek, bir nechta Apple mijozlarining iCloud akkauntlariga kira olgan. Bu ma’lumotlarning barchasi uning uy kompyuteridagi «Hacky hack hack» nomli jildda saqlanayotgan ekan. Shuningdek, jinoyat qurollari hisoblangan ikkita Apple noutbuki, smartfon va tashqi xotira diski ham musodara qilingan.

O‘QING: Xakerlar tarixdagi eng yirik o‘g‘irlikni sodir etishdi

Melburnlik bu yosh xaker, xabarga ko‘ra, xakerlar orasida yaxshigina mashhur ekan. U kupertinoliklarning serverlarini buzib kira olgani haqida WhatsApp orqali ayrim do‘stlariga maqtangani ham aniqlangan.

Tergov-surishtiruv ishlarida aniqlanishicha, o‘quvchi Apple ma’lumotlariga kirish imkonini beruvchi shifrlash kalitlarini tanlay bilgan. Kupertinolik kompaniya uning aynan qanday ma’lumotlarni o‘g‘irlaganini oshkor etmaslikni so‘ragan.

Xaker o‘quvchi o‘z aybini tan olgan va Apple tarmog‘ini buzganiga sabab sifatida aytishicha, o‘zi shu korporatsiyaning ishqibozi bo‘lib, unda ishlashni istar ekan. Hozirda u qo‘lga olingan, ish yuzasidan sud esa 20 sentyabrda boshlanadi. Bu boradagi yangiliklarni birga kuzatamiz – bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: «Oq xakerlik»ni o‘rganish uchun 6 ta eng yaxshi resurs

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.