Ilk bora bitta chorakda milliondan oshiq VR-shlem sotildi

  •   DiMaX
  •  955
  •  28.11.2017 15:54

Ilk bora bitta chorakda milliondan oshiq VR-shlem sotildi

Yangi texnologiyalarning hayotimizga tobora jadal kirib kelayotganligini turli gadjetlarning savdo hajmidan ham ko‘rsak bo‘ladi. Jumladan, virtual reallik shlemlarining savdosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi, deb yozadi Canalys sayti.

Xabarga ko‘ra, joriy yilning uchinchi choragida ilk bora jami bir million donadan ortiq virtual reallik shlemlari sotilgan.

O‘QING: Huawei o‘z virtual reallik shlemini namoyish qildi

Virtual reallik shlemini sotish bo‘yicha 490000 donadan ziyod PlayStation VR (PS VR) qurilmasi bilan Sony yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinni Oculus egallagan – u narxini 399 AQSh dollarigacha pasaytirgan holda 210000 tadan oshiq Rift shlemlarini sotgan. Kuchli uchlikni 160000 donadan ortiq Vive VR devayslarini yetkazib bergan HTC yakunlamoqda. Mana shu uchta ishlab chiqaruvchi birgalikda VR-shlemlar bozorining 86 foizini egallashgan.

«Foydalanuvchilar tomonidan virtual reallik shlemlarining xarid qilinishi ko‘p jihatdan narx masalasiga bog‘liq, shu bois ham Oculus’ning narxni pasaytirish strategiyasi savdo hajmining o‘sishiga yaxshi yordam bergan», – deydi Canalys Research tahlilchisi.

Sony esa asosan mahalliy bozorni zabt etish evaziga bunaqa natijaga erishgan – kompaniya Yaponiyada VR bozorining 80 foizini egallagan. Kompaniya yangi o‘yinlar evaziga mazkur yo‘nalishda tobora ildamlab ketmoqda.

O‘QING: Sony virtual reallik garnituralari bozorida yetakchilik qilmoqda

2018 yili shu kabi qurilmalar bozorining yanada o‘sishi kutilayotir. Zero, Windows Mixed Reality platformali ko‘plab kompyuter ishlab chiqaruvchilarning mazkur yo‘nalishga qiziqishlari katta.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi xabar va maqolalarimizda virtual borliq (virtual reallikVR),to‘ldirilgan reallik, panoramali 360-video kabilar haqida ma’lumotlar berganmiz. Bularga qiziquvchilar endi shularga o‘xshash – aralash reallik imkoniyatlarini Windows 10 tizimidayoq sinab ko‘rishlari mumkin.