Inqilobiy Lenovo Z5 ilk rasmiy tizerlarda: unchalik ham romsiz emas ekan!

  •   DiMaX
  •  1156
  •  04.06.2018 15:13

Inqilobiy Lenovo Z5 ilk rasmiy tizerlarda: unchalik ham romsiz emas ekan!

Barcha smartfonsozlar orasida romsiz ekran dizaynida mobil qurilmalar yaratish urfga kirganidan xabaringiz bor. Joriy yil may oyining boshida esa Lenovo bu borada hammasidan ilg‘or devays tayyorlaganini ma’lum qildi.

O‘QING: Lenovo «haqiqiy romsiz» smartfonni ko‘rsatdi (+video)

Keyinchalik esa xitoylik kompaniya ushbu flagmani haqida bir-biridan qiziq ma’lumotlarni bitta-bittadan oshkor eta boshladi. Jumladan, shu paytgacha Lenovo Z5 nomli bu smartfonning naq 4 terabaytlik doimiy xotiraga ega ekanligi; mobil fotosuratchilikda burilish yasayotgani; hatto akkumulyatorining quvvati 0 foizga tushganda ham ishlayverishi; bitta to‘la quvvat bilan 45 kungacha ishlay olishi; korpusining orqa paneli shishadan ekanligi aytilgan va old panelini to‘laligicha aks ettirgan surati chiqqan.

5 iyun kuni rasman taqdim etiladigan Lenovo Z5 namoyishi oldidan kompaniya xodimlari uning ayrim qismlari aks ettirilgan tizerlarni e’lon qilishdi. Ularga qarab aytish mumkinki, bu smartfon baribir romdan xoli emas ekan – pastida rom ko‘zga tashlanadi.

Bir jihati e’tiborga loyiq – Lenovo rasmiy tizerlarda Z5 displeyining yuqori qismini ko‘rsatishdan qochyapti. Demak, yo bu smartfon ham ko‘pchilik yangi flagmanlar qatori iPhone X dizaynida «kemtik»li bo‘ladi, yoki uning «o‘yiq»siz ekanini kompaniya oxirigacha sir saqlab turmoqchi.

Lenovo Z5 qo‘shaloq kamerali va yuqori xususiyatlarga ega smartfon bo‘lishi kutilmoqda, ammo ishlab chiqaruvchi uni tavsiflashda sal bo‘rttiribroq yuborgan bo‘lsa kerak. Masalan, 4 terabaytlik xotira haqida gap ketganida, kompaniya smartfonning lokal – ichki xotirasi emas, balki biror «bulut»li saqlagichni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, deyishmoqda kuzatuvchilar.

Nima bo‘lganda ham, bularning barchasiga aniqlik kiritilishiga oz vaqt qoldi: Lenovo Z5 taqdimoti ertaga – 5 iyundayoq bo‘lib o‘tadi. Uning faqatgina Xitoy bozoriga chiqarilishi taxmin qilinmoqda, lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham, xohlovchilar uni onlayn savdo platformalaridan sotib olish imkoni bo‘lar balki.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!