Kokain mojarosi: Samsung va boshqalar atigi 349 dollarlik buklamafondan nega qo‘rqyapti?

  •   DiMaX
  •  1477
  •  06.01.2020 14:00

Kokain mojarosi: Samsung va boshqalar atigi 349 dollarlik buklamafondan nega qo‘rqyapti?

Kolumbiyalik taniqli narkobaron Pablo Eskobarning tug‘ishgan akasi Roberto Eskobar yaqinda o‘zining birinchi buklama smartfonini namoyish qilgandi. Escobar Fold 1 deb nomlangan bu gadjet eng arzon buklamafon bo‘lib chiqdi – narxi atigi 349 dollar!

O‘QING: Mashhur narkobaronning akasi eng arzon buklamafon taqdim etdi va Apple’ni yakson qilishga so‘z berdi!

Xabaringiz borki, Las-Vegas shahrida 7–10 yanvar kunlari Iste’molchilar elektronikasi ko‘rgazmasi (yoki Maishiy elektronika shousi – Consumer Electronics Show, CES 2020) tashkil etilyapti. Ma’lum bo‘lishicha, tadbir tashkilotchilari Escobar Fold 1 smartfonining unda namoyish etilishiga ruxsat berishmagan.

Escobar Inc. kompaniyasi bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, smartfonlar bozori yetakchilari bunday ajoyib, shu bilan birga arzon buklamafon bilan raqobatga kirishishdan cho‘chishyapti.

Aytish kerakki, hozirda eng ommabop va zo‘r buklama smartfonlar – Samsung Galaxy Fold hamda Huawei Mate X bo‘lsa, Escobar Fold 1 o‘zining arzonligi bilan bozorda o‘z o‘rnini topishi kutilayotgan edi.

O‘QING: Samsung «raskladushka»sini ilk «jonli» rasmlarda batafsil tomosha qiling!

Internetda ko‘rgazma tashkilotchisi – Consumer Technology Association rahbariyati hamda Roberto Eskobar orasidagi yozishma tarqalgan. Maishiy texnologiyalar assotsiatsiyasi fikricha, tadbirda Escobar Fold 1 hamda uning yaratuvchilari qatnashishi «yaxshi g‘oya emas».

Escobar Inc. rahbari esa, o‘z navbatida, shunday deyapti:

«Bizning o‘zi bilan bitta tadbirda, yonma-yon turishimiz hamda unikidan sifatliroq mahsulotni a’lo narxda taqdim etishimizdan Samsung qo‘rqyapti. Aslida esa, bizning ovozimizni chiqarmaslik uchun ular o‘z kuchini qo‘llayapti. Lekin ular bilishmaydiki, Pablo Eskobar ulardan ancha avval ham bo‘lgan va ulardan keyin ham bo‘ladi».

Darvoqe, Escobar Fold 1 smartfonini taqdim etgan narkobaronning akasi piar sifatida «Apple’ni yo‘q qilish» strategiyasini tanlagan. Nima ham derdik, voqealar rivojini birga kuzatamiz, bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Apple Store’ga salkam bir kilogramm narkotik modda yetkazib berishdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.