Koronavirus haqida tarmoqlarda soxta axborot tarqatgan qashqadaryolikka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi

  •   DiMaX
  •  929
  •  28.03.2020 18:37

Koronavirus haqida tarmoqlarda soxta axborot tarqatgan qashqadaryolikka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi

Qashqadaryo viloyati IIB Tezkor-qidiruv hamkorlik bo‘limi tezkor xodimlari koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq asossiz va yolg‘on ma’lumot va xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlarda tarqatib kelayotgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu ishlar natijalaridan biri xususida viloyat IIB axborot xizmatiga tayanib Kun.uz xabar berayotir.

O‘QING: Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan yurtdoshimiz jarimaga tortildi

Yaqinda Telegram messenjerida ochilgan bir yarim mingdan ortiq a’zosi bo‘lgan «Qashqadaryoliklar group» guruhida «Otabek aka» nomi bilan ochilgan profil egasi guruhda e’lon qilingan «O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar 5 nafarga oshib, ularning umumiy soni 55 nafarni tashkil etmoqda» deb nomlangan xabarga javoban «E-e, odamlarni aldashdan nima foyda? 1000 dan oshib ketgan-ku kasallanganlar O‘zbekistonda. To‘g‘risini aytish kerak, odamlar shunga qarab chiqmaydi ko‘chaga. Kelmas ekan deb yuribdi ko‘chada», degan izohlarni yozib qoldirgan.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Telegram’da «Otabek aka» nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan fuqaro Shahrisabz shahri, «Uymovut» MFYda yashovchi Otabek O. ekanligi aniqlangan.

O‘QING: Tarmoqlarning o‘zbek segmentida tarqalgan koronavirus haqidagi 7 yolg‘on

Fuqaro Otabek O. bilan mazkur holat yuzasidan suhbatlashilganda, u bu xabarni hech bir asossiz yozganligini, Toshkent shahridan kelgan mahalladoshlaridan «Toshkentda vaziyat yaxshi emas», degan gaplarini eshitgani uchun kasallanganlar soni ko‘p bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganligini, shu sabab «kasallanganlar soni 1000 dan oshib ketdi», deb Telegram’dagi guruhda o‘ziga tegishli «Samsung Galaxy S8» apparati vositasida yozganligini ma’lum qilgan.

Yuqorida qayd etilgan holat yuzasidan fuqaro Otabek O.ga nisbatan Shahrisabz tuman IIB HPB TP profilaktika inspektori katta leytenant L.Mo‘minov tomonidan joriy yilning 27 mart kuni O‘zR MJtKning 205-moddasi asosida ma’muriy ish hujjatlari to‘plangan va sudga yuborilgan, deb xabar qilmoqda Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining 2020 yil 27 mart kunidagi qaroriga asosan fuqaro O.R.Oymamatovga nisbatan O‘zR Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 205-moddasi bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

O‘QING: Nega shifokorlarga Putinni suratga olgan smartfonni yo‘q qilish buyurildi? (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!