Lenovo oktyabrdagi taqdimotgacha sabri yetmay, romsiz Z5 Pro smartfonini ko‘rsatdi!

  •   DiMaX
  •  896
  •  28.09.2018 10:16

Lenovo oktyabrdagi taqdimotgacha sabri yetmay, romsiz Z5 Pro smartfonini ko‘rsatdi!

Xitoylik smartfonsoz o‘zining Lenovo Z5 smartfonini hali ko‘rsatmay turib, ancha-muncha shov-shuvlar bilan reklama qilgani esingizdadir? Nihoyat, 5 iyunda bo‘lib o‘tgan rasmiy taqdimotida ularning barchasi yolg‘on ekani oydinlashgan edi.

O‘QING: Nihoyat, Lenovo Z5 taqdim etildi: kompaniya barchani laqillatgan ekan!

Ammo bu kompaniya mana shu smartfoni bilan baribir rekord o‘rnatgani haqida ham yozganmiz. Mazkur modelning yaxshi sotilayotganidan ilhomlanganidanmi, Lenovo uning Pro-versiyasini ham tayyorlagan.

Tech World 2018 konferensiyasida Lenovo vakillari o‘zlarini tutib tura olishmadi: vitse-prezident Lyu Szyun (Liu Jun) kompaniyaning haqiqatan romsiz ilk smartfoni – Lenovo Z5 Pro modelini ko‘rsatdi. Shuningdek, uning to‘laqonli taqdimoti oktyabrda bo‘lib o‘tishini ham ma’lum qilishdi.

Darvoqe, biz avvalroq ushbu devaysning videosini ham e’lon qilgandik.

O‘QING: «JONLI» VIDEO: «aldoqchi» Lenovo Z5’ning slayderli Pro-versiyasi tayyor!

Lenovo Z5 Pro smartfoni slayder form-faktoriga ega – kerakli paytda uning ekrani asosiy korpusdan pastga suriladi hamda old kamera va boshqa datchiklar ko‘rinarli bo‘ladi. Aytish kerakki,   Oppo Find X  flagmanida, shuningdek, hozircha taqdim etilmagan Xiaomi Mi Mix 3 hamda Honor Magic 2 smartfonlarida ham shunday slayder mexanizmi qo‘llangan.

Ushbu tuzilma evaziga Lenovo Z5 Pro old paneli yuzasini deyarli butunicha displey qoplab olgan, faqat uning pastidagi romigina sal enliroq bo‘lib qolgan. Smartfon suratlaridan ayon bo‘lishicha, uning displeyiga daktiloskopik skaner integratsiya qilingan.

Mutlaqo romsiz slayder-smartfonning texnik xususiyatlari haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Shov-shuvlar bilan e’lon qilingan standart Lenovo Z5 modelida o‘rta toifali Snapdragon 636 protsessori qo‘llangan. Uning Pro-versiyasi uchun kompaniya eng ilg‘or Snapdragon 845 yoki loaqal Snapdragon 710 chipini ishlatishi mumkin.

Lenovo Z5 Pro shu yilning oktyabrida taqdim etilsa-da, uni faqat Xitoy bozoriga chiqarishi ehtimoli yuqori. Chunki Lenovo boshqa hududlar uchun Motorola brendi ostidagi smartfonlari savdosiga ko‘proq ahamiyat qaratmoqda.

O‘QING: Endi “egiluvchan” smartfon bo‘lib: afsonaviy buklama Motorola RAZR qaytmoqda

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!