MediaTek endi noutbuk bozoriga «hujumga o‘tdi»

  •   DiMaX
  •  618
  •  11.09.2020 16:36

MediaTek endi noutbuk bozoriga «hujumga o‘tdi»

Tayvanlik chipsoz – MediaTek keyingi paytlarda ancha faollashib, flagman va o‘rta narxli smartfonlar uchun bir nechta modelda 5G-protsessorlar taqdim etmoqda. Mazkur kompaniya endi xrombuklar bozoriga ham kirib kelishini rasman e’lon qildi.

O‘QING: Flagman protsessorlar jangi: Dimensity 1000+ deyarli barcha benchmarklarda Kirin 990 5G’ni mahv etdi!

Aniqrog‘i – MediaTek o‘zi shunaqa noutbuk ishlab chiqmaydi, balki xrombuklar uchun protsessorlar taqdim qiladi. Jumladan, keyingi yili u Chrome OS operatsion tizimli noutbuklar uchun maxsus tayyorlangan MT8195 chipsetini namoyish etmoqchi. Mazkur protsessor 6 nanometrlik texnologik jarayonga tayanadi; demak – u ancha energiya tejovchi bo‘ladi va xrombuklarning avtonomlik vaqti oshuviga xizmat qiladi.

Kutilayotgan chipsetning konfiguratsiyalari haqida MediaTek hozircha biror ma’lumot bermagan. Lekin uning MT8195 modeli aynan xrombuklar uchun maxsus yaratilgan protsessor bo‘ladi. Hozir ham xrombuklarda ishlatilayotgan MediaTek MT8183 hamda MT8173 chipsetlari esa aslida planshetlarga mo‘ljallangan platformadir.

MediaTek vakili o‘z so‘zida xrombuklar bozoriga chiqish haqida gapirar ekan, Apple korporatsiyasini misol qilib keltirgan. Kupertinolik gigant makbuklarda Arm arxitekturali o‘z protsessorlariga o‘tayotganidek, xrombuklarni ham yangicha chiplarga o‘tkazish vaqti keldi, degan u.

O‘QING: Yap-yangi AMD va Intel protsessorli noutbuklarni tezkorligi va avtonomligi bo‘yicha taqqoslab ko‘rsatishdi