Microsoft Edge brauzeri WebCore asosida yangilandi: endi u ruschada ovozli o‘qishni ham eplaydi!

  •   DiMaX
  •  412
  •  09.04.2019 11:41

Microsoft Edge brauzeri WebCore asosida yangilandi: endi u ruschada ovozli o‘qishni ham eplaydi!

Windows operatsion tizimi va boshqa dasturiy ta’minot mahsulotlari bilan mashhur bo‘lgan kompaniya Internet Explorer brauzeridan voz kechib, uning o‘rniga Microsoft Edge dasturini taqdim etgan. Endi esa mazkur brauzerning yangi versiyasini sinab ko‘rish mumkin.

O‘QING: Android-smartfon egalarini reklamadan Microsoft Edge brauzeri qutqaradi

Microsoft Edge’ning yangi versiyasi Chromium brauzeridagi WebKit dvijogida qo‘llangan WebCore kodiga asoslangan. Uni to‘rtta versiyada tarqatishadi, ayni damda esa ulardan ikkitasini o‘rnatib olish imkoni mavjud. Bular – dasturchilarga mo‘ljallangan Dev hamda yanada tajribaviy Canary talqinlaridir. Hozirda ularni faqat Windows 10 tizimli kompyuter, noutbuk va planshetlargagina o‘rnatish imkoni bor.

Edge ham endi deyarli Chrome brauzeri kabi ishlaydi va hatto uning uchun ishlab chiqilgan barcha kengaytmalarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Kengaytmalarni Microsoft do‘koni yoki Chrome Web Store orqali o‘rnatib olish mumkin. Dastlabki sozlamalarga ko‘ra qidiruv uchun Bing tizimi tanlangan, hozircha boshqalari joriy etilmagan. Ammo sozlamalari orqali YouTube’dagi kontentni izlaydigan qilib qo‘yish mumkin.

Yangilangan Edge brauzerini birinchi ishga tushirganingizda, u sizning Windows 10 tizimiga kirishdagi akkauntingiz orqali tizimga kiradi. Chrome akkauntingizdagi ma’lumotlaringizni u qabul qilmaydi va sinxronlashtirmaydi. Biroq Edge’ning oldingi versiyasidagi hamda Internet Explorer’dagi «Xatcho‘p» – «Zakladka»laringizni yangi brauzerga ko‘chirib o‘tkazishingiz mumkin. (Ha, foydalanuvchilar haliyam Internet Explorer’dan biror nima ko‘chirib o‘tkazishlari mumkin, deb hisoblaydigan optimistlar bor ekan Microsoft’da!)

O‘QING: Chrome xavfli ekan, Google uni tezda yangilashingizni tavsiya etyapti!

Microsoft Edge’da skrinshot qilish hamda ularning ustiga yozish, chizish imkoniyati olib tashlangan – ehtimol, bunga yetarlicha talab yo‘qligi uchundir. Biroq brauzer saytlardagi matnlarni ovoz chiqarib o‘qiy oladi va bunda rus tilini ham qo‘llab-quvvatlaydi! Darvoqe, brauzer sozlamalari orqali uni rus tiliga o‘tkazish mumkin, lekin bu bilan uning interfeysi ruscha bo‘lib qolmaydi – hali to‘liq o‘tkazib bo‘lishmagan, shekilli.

Brauzerning bo‘sh holdagi boshlang‘ich sahifasida o‘zingiz tez-tez kirib turadigan saytlar havolalarini biriktirib qo‘yishingiz mumkin. Sahifaning pastki qismida esa Microsoft News yangiliklar tasmasiga o‘tish havolasi mavjud, ammo u faqat ingliz tilida.

Dasturning sozlamalari hozircha rusaga o‘girilmagan, ammo Chrome va Chromium brauzerlaridan ko‘ra qulayroq ishlangan. Inglizchadan salgina xabari bor bo‘lgan foydalanuvchi Microsoft Edge’ni ham interfeys jihatidan, ham saytlarning ishlashi bo‘yicha o‘ziga moslab olishi mumkin. Masalan, bu brauzer saytlarning bir necha («kuki»larni yig‘ish, joylashuvni aniqlash, kamera va mikrofonni yoqish, rasmlarni aks ettirish kabi) harakatlarini cheklay oladi.

Agarda siz ham Windows 10 tizimli qurilmangizda Microsoft Edge’ni sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, mana bu havola orqali uni yuklab olish sahifasiga o‘tishingiz mumkin.

O‘QING: Musulmonlarga mo‘ljallangan eng qulay brauzer bilan tanishing!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!