Mobil fotografiya tanlovida 2013 yilgi smartfon sovrindor bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  627
  •  27.07.2021 15:52

Mobil fotografiya tanlovida 2013 yilgi smartfon sovrindor bo‘ldi

Dunyodagi birinchi ayfon taqdim etilgan 2007 yilda aynan shu seriya smartfonlarida olingan suratlarning yillik iPhone Photography Awards (IPPA) fototanloviga asos solingan. Konkursning bu yilgisida sakkiz yil oldin chiqqan iPhone 5s modelida olingan rasm uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘QING: Egasiga juda uzoq xizmat qilgan 5 ta afsonaviy smartfon. Siz ham ularni ishlatganmisiz?

Buni qarangki, sifatli surat olish uchun yuqori megapksellik kamera va ilg‘or raqamli texnologiyalar unchalik muhim emas ekan. Asosiysi – kompozitsiyani yaxshi tanlash va mahorat bo‘lsa bas: eski smartfonda ham zo‘r rasmlar olsa bo‘lar ekan.

Diyego Moreno ismli meksikalik havaskor mobil fotograf iPhone 5s rusumli smartfonda olgan «Posbon» nomli surati bilan buni amalda isbotladi. Ushbu fotorasm bu yilgi IPPA fototanlovida «Bolalar» kategoriyasi bo‘yicha faxrli uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, iPhone 5s bosh kamerasi BSI texnologiyasiga ega bo‘lgan bittagina datchikdan iborat. Ushbu optik sensor atigi 8 megapiksellik aniqlikka hamda f/2.2 aperturaga ega. Lekin u tarixdagi eng yaxshi iPhone modellari ro‘yxatiga kirgan.

Qizig‘i shundaki, IPPA konkursida sovrinli o‘rinlarni band etgan jami 54 ta suratdan faqatgina yettitasi Apple’ning hozirgi flagmanlari – iPhone 12 yoki iPhone 12 Pro Max modellarida tushirilgan. Qolgan 47 tasi esa iPhone X, iPhone XR hamda iPhone 7 kabi nisbatan eski ayfonlarda olingan rasmlardir.

iPhone Photography Awards fotokonkursida bu yil sovrindor bo‘lgan barcha suratlarni tomosha qilishni istaganlar mana bu havola orqali tanlovning rasmiy saytiga o‘tishlari mumkin.

O‘QING: Android-smartfon kamerasidan 100 foiz foydalanishning 10 ta usuli