Nihoyat, Infinity-O displeyli ilk smartfon – Galaxy A8s ham taqdim qilindi: uch modulli kamera va Snapdragon 710 chipli!

  •   DiMaX
  •  2363
  •  10.12.2018 18:12

Nihoyat, Infinity-O displeyli ilk smartfon – Galaxy A8s ham taqdim qilindi: uch modulli kamera va Snapdragon 710 chipli!

«Teshik» displeyli smartfonni birinchi bo‘lib taqdim etish borasida uchta smartfonsoz o‘zaro poyga olib borayotganidan xabaringiz bor. Ulardan Samsung Galaxy A8s modeli 10 dekabrda, Huawei Nova 4 smartfoni 17 dekabrda, Lenovo Z5S esa 18 dekabrda namoyish etiladigan bo‘lgan.

Ammo xitoylik texnogigant shu paytgacha aytmay turgan yana bitta shunday model bor ekan va bugun – 2018 yilning 10 dekabrida keng jamoatchilikka birinchi bo‘lib uni ko‘rsatishdi...

O‘QING: Honor View 20 namoyish etildi: 48 MPlik kamera va «teshik» ekranli ilk smartfon!

Samsung ham bugun o‘zining shunday texnologiyaga ega ilk smartfonini rasman taqdim etdi; kompaniya buning Infinity-O turidagi displey ekanini avvalroq – SDC 2018 anjumanida ma’lum qilgan.

Shunday qilib, Galaxy A8s ekranida selfi-kamera uchun ochilgan «tirqish» diametri 6,7 millimetrga teng. Taqqoslash uchun keltirib o‘tamiz: bugun ko‘rsatilgan Honor View 20 modelida bu ko‘rsatkich 4,5 millimetrni tashkil etadi.

Samsung’ning yangi smartfoni diagonaliga 6,4 dyuymlik Infinity-O displeyga ega bo‘lib, tomonlari o‘zaro 19.5:9 nisbatda. Ekranning matritsasi qanaqa ekani aytilmagan, ammo AMOLED bo‘lsa kerak. Uning tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida, ya’ni 2340x1080 pikselli. Ekran «tirqish»idan «mo‘ralab» turgan old kamera sensori bo‘lsa 24 megapiksellik aniqlikda. Samsung’ning ta’kidlashicha, ekranning yorug‘i kamerada aks etmasligi uchun ular allaqanday maxsus texnologiyaga murojaat etishgan.

Galaxy A8s orqa panelida tikkasiga joylashgan bosh kamera esa uch modulli bo‘lib, ular 24+5+10 megapiksellik sensorlardir. Shuningdek, orqa qopqoq o‘rtasida daktiloskopik datchik ham o‘rin olgan.

Yangi smartfonning texnik ta’minoti asosini Qualcomm kompaniyasining sakkiz yadroli Snapdragon 710 protsessori tashkil etadi. Galaxy A8s tezkor xotirasi modifikatsiyasiga bog‘liq holda 6 yoki 8 gigabaytlik hajmga ega. Doimiy xotirasi esa har ikkala variantda ham bir xil – 128 gigabaytlik bo‘lib, yana 512 gigabaytgacha hajmli microSD kartasi joylasa bo‘ladi.

O‘QING: Hamyonbop Galaxy M smartfonlarining narxlari va ayrim jihatlari ma’lum bo‘ldi

Samsung Galaxy A8s akkumulyatorining tok sig‘imi 3400 mA/soatlik. Smartfon ikkita SIM-karta uyachasiga, 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11ac) (2.4/5GHz), Bluetooth 5, NFC, GPS + GLONASS interfeyslariga ega. Uning korpusi zamonaviy USB Type-C porti bilan jihozlangan, ammo an’anaviy 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishidan mahrum etilgan.

Darvoqe, korpus romi metalldan, orqa qopqog‘i esa shishadan ishlangan. O‘lchami 158,4x74,9x7,4 millimetrga teng bo‘lib, uch xil – ko‘k, kul rang va yashil tuslarda taqdim etilmoqda. Korpusning yon qirrasida Bixby ovozli yordamchisini chaqirish uchun alohida tugmacha mavjud.

Galaxy A8s smartfoni Android operatsion tizimining 8.1 – Oreo talqini bilan taqdim etilgan. Qurilmaga Samsung yaqindagina taqdim etgan One UI grafik qobig‘i o‘rnatilgan; undagi to‘qrang interfeys esa ekrandagi «teshik»ni sezilmas holga keltirishga xizmat qila oladi.

Janubiy koreyalik korporatsiya ushbu mahsuloti uchun Xitoyda joriy yilning 21 dekabridan buyurtma ola boshlaydi, ammo narxini hozircha aytmagan. Shuningdek, bu model «Osmon osti saltanati»dan tashqarida ham rasman sotilish yoki sotilmasligi noma’lum. Hozirgacha bozorga chiqqan Samsung smartfonlarini esa Terashop.uz internet-do‘konimizdan 861 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda onlayn usulda sotib olish mumkin.

O‘QING: «To‘rtko‘z» Galaxy A9 ham Terashop.uz’ga yetib keldi, Samsung smartfonlarining arzonlashgan narxlari (2018 yil 10 dekabr) – O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.