Nihoyat, Samsung kutilganidan ham arzon «Vattomonstr»ini taqdim etdi!

  •   DiMaX
  •  3379
  •  18.03.2020 18:30

Nihoyat, Samsung kutilganidan ham arzon «Vattomonstr»ini taqdim etdi!

Samsung korporatsiyasi «Vattomonstr» laqabli Galaxy M21 smartfonini dastlab 15 martda namoyish qilmoqchi edi. Lekin taqdimot sal kechikib, bugun – 18 mart kuni, koronavirus tarqalishi xavfi tufayli taqdimot onlayn formatda o‘tkazildi.

O‘QING: Eng arzon Samsung smartfoni – Galaxy M01 haqida Geekbench xushxabar berdi!

Samsung Galaxy M21 modeli maksimal darajada avtonomlikka ega bo‘lgan smartfon xohlovchilar uchun eng maqbul variant bo‘ldi. Uning naq 6000 mA/soatlik akkumulyatori foydalanuvchini tez-tez rozetka izlash xavotiridan ozod etadi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, batareya quvvati smartfondan kun davomida faol foydalanishga yetarli. Tag‘in u 15 vattlik usulda tezkor quvvatlash texnologiyasiga ham ega.

O‘QING: Nihoyat, hamyonbop Galaxy A11 taqdim qilindi, lekin...

Umuman olganda, Galaxy M21 modeli bultur sentyabrda namoyish qilingan «beli baquvvat» Galaxy M30s smartfonining deyarli o‘zginasi. Har ikkalasida ham Exynos 9611 protsessori, diagonaliga 6,4 dyuymlik va Full HD formatli Super AMOLED ekran qo‘llangan.

Ularning bosh kamerasi ham aynan bir xilda 48, 8 va 5 megapiksellik datchiklardan iborat.

Va nihoyat, bu ikki smartfonning korpusi dizaynida va o‘lchamlarida ham hech qanaqa farq yo‘q! Samsung saytidagi xususiyatlariga qarasak, «Vattomonstr» faqat old kamerasi 20 megapiksellik ekanligi bilan Galaxy M30s smartfonidan farqlanadi – unisida selfi-kamera 16 megapiksellik edi.

Galaxy M21 tezkor xotirasi 4 va 6, doimiy xotirasi esa 64 va 128 gigabaytlik konfiguratsiyalarda taklif etiladi. Garchi kompaniyaning o‘zi rasman e’lon qilmagan bo‘lsa-da, boshqa manbalarga ko‘ra, Hindistonda uni 175 dollardan boshlanuvchi narxlarda, 23 martdan sotishadi. Qizig‘i – dastlab sal qimmatroq chiqqaniga qaramasdan, Galaxy M30s ham hozir aynan shu narxda sotilyapti.

O‘QING: Samsung ham Redmi Note 9 Pro Max narxida «avtonomlik monstri»ni sotuvga chiqardi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!