Nokia 5.3 va Nokia 1.3 taqdim etildi – «krizisga qarshi» smartfonlar! (+videolar)

  •   DiMaX
  •  2362
  •  20.03.2020 11:54

Nokia 5.3 va Nokia 1.3 taqdim etildi – «krizisga qarshi» smartfonlar! (+videolar)

HMD Global kompaniyasi 19 mart kuni bir nechta smartfonlarining taqdimot marosimini o‘tkazdi. Unda, jumladan, Nokia 5.3 hamda Nokia 1.3 modellari namoyish qilindi.

O‘QING: Atigi 59 dollarlik modelning davomchisi – Nokia’ning o‘ta arzon 4G-smartfoni tayyor!

Ushbu ikkita modelni «krizisga qarshi smartfonlar» deb atashmoqda; zero, ularning narxi anchagina arzon. Nokia 5.3 – to‘rttalik kameraga ega hamyonbop qurilma bo‘lsa, Nokia 1.3 o‘ta past narxi va olinuvchi akkumulyatori bilan e’tiborga loyiq.

Har ikkala model ham Android 10 talqinidagi operatsion tizim bilan chiqarilgan. Nokia 5.3 devaysi Android One dasturi doirasida «toza» tizimga ega bo‘lsa, Nokia 1.3 smartfonida Android 10 (Go Edition) proshivkasi qo‘llangan. Shuningdek, HMD Global bularning ikkalasini ham Android 11 talqinigacha yangilashni va’da qilgan.

O‘QING: Endi eng arzon smartfonlarga ham Android 10 o‘rnatsa bo‘ladi!

Nokia 5.3 diagonaliga 6,55 dyuymlik, HD+ formatli (720x1600 piksellik) ekran bilan jihozlangan. Displeyning tomchisimon kemtigida 8 megapiksellik selfi-kamera o‘rnatilgan bo‘lsa, bosh kamera datchiklari 13 + 5 + 2 + 2 megapiksellik.

Ushbu smartfon Snapdragon 665 protsessoriga ega bo‘lib, tezkor xotirasi 4 va 6, doimiy xotirasi esa 64 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Akkumulyatori 4000 mA/soatlik, barmoq izi skaneri orqa panelda.

Nokia 5.3 modeli uch xil – feruza, grafit va qum ranglarida, 2020 yilning ikkinchi choragidan sotuvga chiqadi. Uning boshlang‘ich – 4/64 gigabaytlik talqini uchun 189 yevro narx belgilangan.

O‘QING: Redmi 8A raqibi – toza Android’li va o‘ta arzon Nokia 2.3 chiqdi (+video)

Nokia 1.3 bo‘lsa 5,7 dyuymlik, HD+ formatli (1520x720 piksellik) displeyga ega, uning old kamerasi 5, asosiy kamerasi esa 8 megapiksellik yakka sensorlardan iborat. Smartfonning «elektron yuragi» sifatida Snapdragon 215 chipseti tanlangan, unga 1 gigabaytlik «operativka» hamrohlik qiladi. Smartfonning doimiy xotirasi 16 gigabaytlik bo‘lib, korpusdan olinadigan (hozirda bunaqasi kam) batareyasi 3000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega.

Nokia 1.3 ham ikkinchi chorakda uch xil – feruza, grafit va tillarang korpuslarda, 95 yevrodan sotila boshlaydi.

O‘QING: DxOMark: Bu hamyonbop smartfon kamera bobida Nokia 9 PureView flagmaniga teng!