O‘zbekistonda atigi 12 ming so‘mlik tok bilan 300 km yuradigan elektromobil sinalmoqda (+video)

  •   DiMaX
  •  2591
  •  02.11.2020 15:02

O‘zbekistonda atigi 12 ming so‘mlik tok bilan 300 km yuradigan elektromobil sinalmoqda (+video)

Toshkentdagi Quyosh energiyasi xalqaro instituti Xitoyning «Henan Suda» kompaniyasi elektromobillarini O‘zbekiston sharoitida sinash ishlarini olib bormoqda. Shu maqsadda 2019 yilda 20 ta elektromobil, zaryadlash qurilmalari va ehtiyot qismlari olib kelingan, deb yozadi Kun.uz nashri.

O‘QING: O‘zbekiston to‘qqiz oyda qayerlardan va nechta elektromobil sotib olgan?

Institut direktori o‘rinbosari Jobir Ahadovning Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma’lum qilishicha, ushbu elektromobillarning yoqilg‘i xarajatlari benzinda harakatlanadigan avtomobillarga qaraganda 10 barobar, gazda yuradigan mashinalarga nisbatan 5 barobar kam.

«Ehtiyot qismlarining soni ham 10 barobar kam. Avtomobil buzilib, ta’mirlashga muhtoj bo‘lib qolishi ehtimoli ancha past.

Bu avtomobillarni sinov tariqasida, texnik hamkorlik asosida olib keldik. Hozirda respublikamizdagi kontinental iqlimiy sharoitga chidash darajasi qandayligi, yozning issig‘i, qishning sovug‘iga bardosh berishi o‘rganilyapti. Yozning issiq kunlarida judayam yaxshi yurdi. Endi qishda sinaymiz.

Avtomobilga 40 kVt quvvatli generator o‘rnatilgan. Tezligi yuqori. 5-6 sekundda 100 km/s tezlikka ko‘tarila oladi. Eng yuqori tezligi esa 220 km/soat.

Akkumulyator to‘liq quvvatlansa, 300 kilometrgacha harakatlana oladi. Xitoyda bu avtomobilning yangi versiyalarini ham ishlab chiqarish boshlangan. Ular to‘liq zaryad bilan 500-600 km uzoqlikka yura oladi. Kelgusida yangi rusumdagi avtomobillarni ham olib kelib sinash niyatimiz bor.

Narxi bizning mashinalardan ko‘ra qimmatroq, bunda akkumulyatorning narxi asosiy o‘rin tutadi. Uyda 220 voltli zaryadlash qurilmasida yoki 380 voltli katta zaryadlash stunsiyasida quvvatlash mumkin.

Bir marta to‘la quvvatlash uchun 40 kVt energiya talab etiladi, bu esa 300 so‘mdan bo‘lganda, 12 ming so‘mga teng bo‘ladi. Demak, 12 ming so‘mlik tok bilan avtomobil 300 km yuradi. Asosiy yutug‘i shunda.

Lekin buni kamida bir yil sinash kerak. Yozning oxiri, kuz oylarida sinadik, endi qish-bahor oylarida ham sinaymiz. Akkumulyatorlar sovuq iqlimga qanchalik bardosh beradi, sovuq havoda avtomobil qanaqa yuradi, shularni sinashimiz kerak.

20 ta elektromobil keltirilganidan kelib chiqib, ularni barcha viloyatlarda sinab ko‘rish imkoniga egamiz», – dedi Jobir Ahadov.

O‘QING: Tesla «damini olsin!» – Mercedes-Benz rekordchi elektromobilni e’lon qildi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!