Redmi Note 9 va Note 9 Pro’ning asosiy raqiblari namoyish qilindi – atigi 175 dollardan!

  •   DiMaX
  •  4240
  •  05.03.2020 16:55

Redmi Note 9 va Note 9 Pro’ning asosiy raqiblari namoyish qilindi – atigi 175 dollardan!

 Oppo korporatsiyasi Redmi bilan raqobatlashish uchun tashkil etgan Realme subbrendi o‘zining ikkita yangi smartfonini taqdim etdi. Bular – Realme 6 hamda Realme 6 Pro modellari bo‘lib, Redmi Note 9 hamda Note 9 Pro smartfonlarining eng asosiy raqiblari hisoblanadi.

O‘QING: Hali chiqmagan ikki hamyonbop – Redmi Note 9 Pro va Realme 6 Pro flagmanlarining ilk jangi!

Realme 6 va 6 Pro modellarining narxlari tegishlicha 175 va 232 dollardan boshlanadi. Tabiiyki, Xiaomi korporatsiyasi ham «Yirtqich» ekanini aytib maqtayotgan ushbu smartfonlarini endi taxminan shunaqa baholaydi.

Avvalroq xabar berganimizdek, kompaniya oflayn taqdimot tadbiridan voz kechib, onlayn namoyish qilib qo‘yaverdi. Bu ikki smartfonning xususiyatlari haqidagi suhbatimizni standart Realme 6 modelidan boshlaymiz. Bu – hozirda ekran yangilanish chastotasi 90 gers bo‘lgan eng arzon smartfondir. Uning diagonaliga 6,5 dyuymlik displeyi Full HD+ formatida, ishlab chiqaruvchi uning qanaqa panel ekanini aytmagn, taxminlarga ko‘ra – IPS bo‘lsa kerak. Smartfonning daktiloskopik datchigi ekranga emas, balki korpusning yon qirrasiga joylagani ham shunga ishora qilayotir.

Realme 6 modeli MediaTek Helio G90T protsessoriga ega bo‘lib, 175 dollarlik smartfon uchun bu juda yaxshi yechim. Unga LPDDR4x turidagi, 4 – 8 GBlik tezkor xotira sherikchilik qiladi; UFS 2.1 standartidagi ichki xotira hajmi esa 64 – 128 gigabaytlik. Smartfonning akkumulyatori 4300 mA/soatlik; arzon model bo‘lsa-da, unga 30 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan.

Yangi smartfonning bosh kamerasi to‘rtta modulni o‘z ichiga oladi, biroq ulardan faqat ikkitasini amalda foydali, deyish mumkin. Bular – 64 megapiksellik Samsung GW1 sensori hamda 8 megapiksellik keng burchakli datchikdir. Qolgan ikkitasi – 2 megapiksellik makro-kamera hamda portret rejimida orqa fonni xiralashtiruvchi oq-qora kameradir. Displeyning yuqori chap burchagidagi tirqishga joylangan selfi-kamera datchigi esa 16 megapiksellik aniqlikda.

Ikkita SIM-karta va alohida MicroSD kartasini joylash mumkin bo‘lgan uyacha, shuningdek, quloqchin tirqishi ham mavjudligini ta’kidlab o‘tsak arziydi. Smartfon eng so‘nggi – Android 10 operatsion tizim talqini asosidagi Realme UI grafik qobig‘i bilan taqdim etilgan. Korpusining o‘lchamlari 162,1x74,8x9,6 millimetrni, vazni esa 191 grammni tashkil etadi. Realme uni sadafrang va ko‘k tusli korpuslarda chiqaradi.

O‘QING: OPPO rekordchi selfifon – Reno 3 Pro hamyonbop flagmanini namoyish qildi

Endi Realme 6 Pro versiyasiga o‘tadigan bo‘lsak, u o‘zining «ini»sidan muhim jihatlariga ko‘ra farqlanadi. Ikkalasining umumiy jihatlarini qoldirib, Pro-versiyaning farqli jihatlarini sanab o‘tamiz.

Avvalo, uning korpusi yirikroq – 163,8x75,8x8,9 millimetr va 202 gramm. Shunga yarasha ekrani ham diagonaliga 6,6 dyuymlik; ammo uning tasvir aniqligi va boshqa jihatlari Realme 6’ning displeyidagi bilan bir xil.

Realme 6 Pro’ning asosiy o‘ziga xosligi – 8 yadroli Snapdragon 720G protsessoridir. Mazkur chipset o‘yinbop smartfonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, Elite Gaming funksiyasiga ega. Smartfon 6–8 GBlik tezkor va 64–128 GBlik doimiy xotiraga ega, yana 256 GBlikkacha bo‘lgan microSD-karta joylash mumkin.

Pro-versiyaning akkumulyatori tok sig‘imi ham, zaryadlash texnologiyasi ham standart model bilan bir xil. Bosh kamerada bitta farqi bor: Realme 6 Pro’da oq-qora modul o‘rniga teleob’yektivli 12 megapiksellik sensor qo‘llangan. Shuning evaziga unda 20 karra zum joriy etilgan.

Realme 6 Pro old kamerasi qo‘shaloq bo‘lib, standart modelidagi yoniga 8 megapiksellik ikkinchi datchik qo‘shilgan. Bu smartfon ko‘k va zarg‘aldoq korpuslarda taklif etiladi.

Eng asosiysi – narxlari masalasiga kelsak, Realme 6 modeli 11 martda sotuvga chiqadi va tezkor/ichki xotirasi konfiguratsiyasiga ko‘ra quyidagi narxlarda sotiladi:

4/64 gigabaytlik Realme 6 – $175

6/128 gigabaytlik Realme 6 – $204

8/128 gigabaytlik Realme 6 – $218

Realme 6 Pro modeli esa bozorga 13 mart kuni taqdim etiladi va 232 dollardan boshlanuvchi narxlarda sotiladi. Afsuski, kompaniya uning turli konfiguratsiyalari narxlarini aniq aytmayapti. Shuningdek, har ikkala model ham faqat Hindiston bozoriga chiqariladi, boshqa mamlakatlarda rasman sotilishi haqida hozircha gap-so‘z yo‘q.

O‘QING: Joyni bo‘shat, Xiaomi! Bozorga yangi qirol kelyapti!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.