Rossiya buyurtmasiga ko‘ra Yahoo’ni buzib kirgan qozog‘istonlik xaker yirik jarimaga tortilib, 5 yilga qamaldi

  •   DiMaX
  •  1212
  •  31.05.2018 15:52

Rossiya buyurtmasiga ko‘ra Yahoo’ni buzib kirgan qozog‘istonlik xaker yirik jarimaga tortilib, 5 yilga qamaldi

2014 yili xakerlar Yahoo tizimini buzib kirishgan va bu hujumdan 500 million foydalanuvchi zarar ko‘rgan edi. Yaqinda shu ish yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi, deb yozadi Engadget nashri.

O‘QING: Yahoo 3 yil avval foydalanuvchilarning milliarddan ortiq paroli o‘g‘irlanganligini ma’lum qildi

Unda asli qozog‘istonlik bo‘lgan va hozirda Kanadada yashayotgan xaker – 23 yoshli Karim Baratov ham aybdor deb topildi. Ushbu xaker yana Karim Taloverov hamda Karim Akexmet Tokbergenov nomlari bilan ham tanilgan. Sudda unga nisbatan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati FSBning ikki nafar sobiq xodimi Yahoo’ga kiberhujum uyushtirishda ayblanganida, Karim Baratov nomi ham o‘rtaga chiqqan. Tergovchilarga ko‘ra, ular AQSh va Rossiya jurnalistlari, amaldorlari, moliya xizmatlarining va yirik kompaniyalarning xodimlari, xususiy biznes vakillari va boshqa shaxslarning pochta akkauntlarini buzib kirish maqsadida K.Baratovni yollashgan.

Karim Baratov akkauntlarning parollarini qo‘lga kiritish uchun fishing usulidan foydalangan, keyin esa ularni FSB xodimlariga sotgan. Tergovchilar fikricha, qozog‘istonlik xaker shu usulda taxminan 1,1 million AQSh dollari miqdorida pul ishlab olgan.

O‘QING: AQShni chuv tushirgan rossiyalik «agent»lar

Sud qaroriga ko‘ra, Karim Baratov har bir ayblov uchun 250 ming (umumiy hisobda 2,25 million) AQSh dollari miqdorida jarima hamda barcha jabrlanuvchilarga tovon puli to‘lab berishi lozim.

Baratov sudda ko‘rib chiqilgan holatlardan to‘qqiztasi bo‘yicha aybini bo‘yniga olgan. Shuningdek, u yana 2010–2017 yillarda 11 mingdan oshiq pochta akkauntlarini buzib kirganligini hamda ularning 80 tasi Rossiya maxsus xizmatlari bilan bog‘liq ekanini ham tan olgan. «Lekin men o‘z harakatlarimdan keladigan zarar hajmini tasavvur etmaganman hamda FSB bilan hamkorlik qilayotganimni ham bilmaganman», deydi 23 yoshli xaker Karim Baratov.

O‘QING: Toshkentlik xaker bankni salkam 90 ming dollarga «chuv tushirdi»

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!