Starlink fazoviy internetining tezligi ancha oshdi

  •   DiMaX
  •  1220
  •  07.09.2020 15:42

Starlink fazoviy internetining tezligi ancha oshdi

Ilon Maskning bitmas-tuganmas rejalari orasida amalga oshishga eng yaqini hozir aynan Starlink bo‘lib turibdi. SpaceX kompaniyasining ushbu loyihasi butun Yer yuzini tezkor internet bilan ta’minlashga mo‘ljallangan.

O‘QING: Internet tezligi bo‘yicha jahon rekordi yangilandi – soniyasiga 178 terabit!

Starlink fazoviy internetidan foydalanishni istovchilar uchun uning rasmiy saytida arizalar qabuli boshlangan. Keyinroq esa undagi arizada manzilni ko‘rsatish imkoni ham paydo bo‘lgan. Lekin kutilmaganda mazkur xizmatni sinab ko‘rganlarning hafsalasi pir bo‘lgan edi.

Endi esa, SpaceX kompaniyasi so‘nggi partiyada yana 60 ta yangi sun’iy yo‘ldosh uchirdi va ularning umumiy miqdori 700 donadan oshdi. Bu esa hozircha sinov doirasida taqdim etilayotgan Starlink internetining tezligi sezilarli darajada oshuviga zamin yaratdi.

«Starlink jamoasi ushlanib qolishlar statistikasini to‘pladi va tizimning tezligi bo‘yicha standart testlar o‘tkazdi, – deyishadi SpaceX muhandislari. – Bu shuni anglatadiki, biz yo‘ldoshlarimizdan mijozgacha, keyin esa aksincha yo‘nalishda – internetning qolgan qismigacha ma’lumotlar qanchalik tezkor uzatilishini tekshiramiz. Dastlabki natijalar yaxshi bo‘ldi».

Bu yerdagi «yaxshi» so‘ziga aniqlik kiritib muhandislarning ta’kidlashlaricha, ayni damda o‘ta past ping holatida tezlik 100 Mbit/soniyani tashkil etmoqda; bu esa bir vaqtning o‘zida har qanday onlayn o‘yinni o‘ynashga va yuqori sifatli bir nechta filmni translyasiya qilishga bemalol yetadi. Starlink mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, hattoki shuncha yuklama bilan ishlaganda ham, tizimning «o‘tkazuvchanlik qobiliyati ortib qoladi».

Ta’kidlash kerakki, Ilon Mask bu loyihasi doirasida gigabitlik tezlikdagi internet va’da qilgan. Lekin kompaniyadan aniqlik kiritishlaricha, bunaqa natijaga erishish uchun orbitaga kamida 4400 ta sun’iy yo‘ldosh chiqarilishi lozim. Bu esa hozirgacha uchirilganlaridan bir necha baravarga yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘QING: Ilon Mask kiborg-odamlar uchun yangi chipni va kiborgga aylantirilgan cho‘chqani ko‘rsatdi (video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.